Qo‘ng‘irot tumanida Jahon banki ishtirokidagi yirik loyihalar muhokama qilindi
2026-04-10 10:00:00 / Majlislar

Bugun Qo‘ng‘irot tumaniga Jahon banki mas’ul xodimlaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Tashrif davomida “Oʻzbekistonda yashash uchun qulay va barqaror shaharlar” natijaga asoslangan moliyalashtirish (PforR) loyihasi doirasida 2026–2027-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tashabbuslar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar jarayonida, xususan, 2026-yilda Qo‘ng‘irot tumanida 4 ta muhim loyiha amalga oshirilishi belgilab olindi.
Ijtimoiy va infratuzilma investitsiya loyihalari doirasida:
• “Elabad” ShFY hududidagi 11-sonli umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish hamda 330 o‘rinli qo‘shimcha bino qurish;
• “Kiet” OFY hududidagi 18-sonli umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish hamda 330 o‘rinli qo‘shimcha bino qurish;
Drayver loyihalari doirasida:
• Tuman markazidagi “Qo‘ng‘irot savdo kompleksi” va “Qo‘ng‘irot dehqon bozori” o‘rtasidan o‘tuvchi yo‘lda tunnel qurish;
• “Qoraqalpog‘iston” ko‘chasida yo‘lning o‘rta qismiga ajratuvchi beton to‘siqlar (bordyur) o‘rnatish hamda zamonaviy tungi yoritish tizimini joriy etish.
Shuningdek, uchrashuv davomida 2027-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar yuzasidan ham fikr almashilib, ularning texnik-iqtisodiy asoslari va amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Mazkur loyihalar Qo‘ng‘irot tumanida ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, transport harakati xavfsizligini oshirish hamda aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.





