Qo‘ng‘irot tumanida “Mustaqillik to‘yi” festivaliga start berildi
2026-06-12 16:50:00 / Yangiliklar

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi ostida Qo‘ng‘irot tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlari boshlab yuborildi.
Jumladan, tumandagi “Bostan”, “Turan” va “Qangli” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida joylashgan 10-sonli Musiqa va san’at maktabida “Mustaqillik to‘yi” festivali tantanali ravishda ochildi.
Festivalning ochilish marosimida tuman hokimligi Nuroniylar bo‘limi hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbarlari so‘zga chiqib, mamlakatimiz mustaqilligining tarixiy ahamiyati, xalqimiz erishayotgan yutuqlar hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi bunday tadbirlarning o‘rni haqida fikr bildirdilar.
Tadbir davomida iste’dodli yoshlar va san’atkorlar tomonidan kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar hamda badiiy chiqishlar namoyish etildi. Samimiy muloqotlar va bayramona muhit ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
“Mustaqillik to‘yi” festivali xalqimizning birdamligi, hamjihatligi va Vatanga bo‘lgan sadoqatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Mazkur festival doirasidagi tadbirlar aholi o‘rtasida milliy qadriyatlarni ulug‘lash, yurt ravnaqi va farovon kelajak sari intilish g‘oyalarini keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Qo‘ng‘irot tumani hokimligi Axborot xizmati.









