AVTOMOBIL TRANSPORTIDA YO‘LOVCHILARNI TASHISH SOHASIDAGI O‘ZGARISHLAR
2026-03-31 10:50:00 / Yangiliklar

AVTOMOBIL TRANSPORTIDA YO‘LOVCHILARNI
TASHISH SOHASIDAGI O‘ZGARISHLAR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-maydagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyatini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5108-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra:
- yo‘lovchilarni haydovchidan tashqari to‘rt nafardan ortiq bo‘lmagan o‘rinlarga ega yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati turiga kiritiladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yengil avtotransportlarda yo‘lovchilarni tashish faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi;
- litsenziya 21 yoshga to‘lgan hamda ariza berish vaqtida boshqaruvida 10 yildan ortiq bo‘lmagan muddat davomida foydalanilgan avtomobili mavjud bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga “Litsenziya” axborot tizimi orqali beriladi;
- avtomobilda yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar “Akreditatsiya markazi” DUKda akreditatsiyadan o‘tgan texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalarida har 6 oyda kamida bir marta transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazishi shart. Shuningdek, ular litsenziyaga ega korxonalarda va yo‘lovchi tashuvchilarga mijoz topish bo‘yicha interaktiv xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlar (agregatorlar) tomonidan tashkil etilgan maxsus tekshirish punktlarida oylik tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim;
- 2021-yil 1-sentyabrgacha yakka tartibdagi tashuvchilarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji undirilmaydi. Yakka tartibdagi tashuvchilarga litsenziya berish uchun esa davlat boji yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir qismi miqdorida undiriladi. Bunda davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun yig‘im undirilmaydi.
Shaxsiy tartibdagi tashuvchilar 3 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘lgan avtotransport vositalarida yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanib, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini belgilangan stavkada to‘laydi.
2021-yil 1-sentyabrdan boshlab shaxsiy tartibdagi tashuvchilar o‘z faoliyatini faqat agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi.
Shuningdek, buyurtmasiz taksilar uchun avtomobilning old oynasining yuqori o‘ng burchagiga o‘rnatiladigan yashil rangdagi chiroq, hisoblash moslamasi (taksometr), radioaloqa vositasi hamda nazorat-kassa apparatini o‘rnatish talablari bekor qilindi.
Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli buyurtmasiz taksilar va shaxsiy tartibdagi tashuvchilar uchun quyidagi talablar belgilandi:
- avtomobil tomiga “TAXI” belgisi tushirilgan yorqin sariq rangdagi chiroq o‘rnatilishi;
- to‘lovni amalga oshirish va bosib o‘tilgan yo‘lni elektron shaklda qayd etish imkonini beruvchi maxsus ilovalar (shu jumladan mobil telefonlar, planshetlar) mavjud bo‘lishi;
- avtomobilning asboblar panelida avtotransport vositasining davlat raqami, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjat (yoki ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya/litsenziya guvohnomasi) hamda haydovchining telefon raqami ko‘rsatilgan axborot belgisi bo‘lishi.
Qo‘ng‘irot tumani Adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi mutaxassisi: U. Torebayev
