Bola huquqlari qonun himoyasida
2026-03-30 10:05:00 / Yangiliklar

Bola huquqlarining ta’rifi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining muhim g‘oyalaridan kelib chiqqan. Yosh avlodni erkin, demokratik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ta’minlab borish, fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik, huquqiy davlat qurishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan har bir jamiyat uchun g‘oyat muhim o‘rin tutadi.
Mamlakatimizda bola huquqlarini ta’minlash va ularni har tomonlama himoya qilish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza shakllantirilgan, desak adashmagan bo‘lamiz. Jumladan, bolalarning huquqlari davlatimiz Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan.
Respublikamizda mustaqillikning dastlabki yillaridayoq, ya’ni 1992-yil 9-dekabrda BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi jamiyatimizda bola huquqlari qay darajada muhim masala ekanini xalqaro miqyosda namoyon etdi.
Mamlakatimizda bola huquqlarini ta’minlashda qonunchilik hujjatlari va “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya bilan bir qatorda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro pakt, “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro pakt, “Irqiy kamsitishlarni taqiqlash to‘g‘risida”gi Konvensiya kabi boshqa xalqaro shartnomalarga ham tayaniladi.
Bugungi kunda bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida dunyoning 80 ga yaqin mamlakatlarida Bolalar ombudsmani faoliyat yuritadi. Ularning asosiy vazifasi “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, bolaning shaxsi, sha’ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda jamiyat va davlatning faol ishtirokini ta’minlashdan iborat.
Prezidentimizning 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlarining kafolatlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi. Natijada mamlakatimizda bola huquqlari himoyasining tashkiliy-huquqiy va institutsional asoslari yanada mustahkamlandi.
Shuningdek, 2020-yil 10-mart kuni O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, shuningdek “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlariga ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qo‘ng‘irot tumani adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: O. T. Matyakupov
