Xorijda oliy o‘quv yurtini bitirgan shaxslarning diplomini nostrifikatsiya qilish qanday tartibda amalga oshiriladi va qanday hujjatlar talab etiladi?
2026-03-30 18:00:00 / Yangiliklar

Xorijdagi oliy o‘quv yurtidan olingan diplomni nostrifikatsiya qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijiy davlatlarda oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun BHMning uch baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinganda yig‘im davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun belgilangan yig‘imning 90 foizi miqdorida undiriladi.
Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilinganda talabgor nomidan davlat xizmatlari markazi xodimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinganda esa talabgorning o‘zi mustaqil ravishda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish haqidagi so‘rovnomani to‘ldiradi.
So‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi;
- xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan, notarial tasdiqlangan nusxasi.
Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilinganda talabgorning shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning asl nusxasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi davlat xizmatlari markazi xodimiga taqdim etiladi.
Qo‘ng‘irot tumani
Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi
Sharipov Baxtiyar Abdirashid o‘g‘li
