Mehnat qonunchiligida xotin-qizlar huquqlari
2026-03-26 17:40:00 / Yangiliklar
Mehnat qonunchiligida xotin-qizlar huquqlar

O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligida xotin-qizlar uchun bir qator ijtimoiy kafolatlar va imtiyozlar belgilangan:
- Uch yoshga to‘lmagan bolasi bor, byudjet hisobidan moliyalashtiriladigan muassasa va tashkilotlarda ishlovchi ayollar uchun ish vaqtining haftalik muddati 35 soatdan oshmaydigan qilib qisqartiriladi.
- O‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ayollarga har yili ish haqi saqlangan holda kamida 4 kalendar kun qo‘shimcha ta’til beriladi.
- Shu toifadagi ayollarga ularning xohishiga ko‘ra har yili kamida 14 kalendar kun ish haqi saqlanmagan qo‘shimcha ta’til beriladi.
- Ayolning xohishiga ko‘ra, bola uch yoshga to‘lgunga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan ta’til beriladi. Ushbu davrda ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi.
- Bola parvarishi ta’tili mehnat stajiga qo‘shiladi, biroq jami hisobda 6 yildan oshmasligi kerak. Bu davr mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga ham kiritiladi.
- Ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar beriladi. Agar ikki va undan ortiq bola bo‘lsa, tanaffus kamida 1 soat etib belgilanadi. Ushbu tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o‘rtacha ish haqi bilan to‘lanadi.
- Ayolning xohishiga ko‘ra, bolani ovqatlantirish tanaffuslari umumiy tushlik tanaffusiga qo‘shilishi yoki ish kunining boshiga yoki oxiriga ko‘chirilishi mumkin.
- Ayollarga homiladorlik va tug‘ish ta’tili beriladi:
- tug‘ruqqacha – 70 kalendar kun;
- tug‘ruqdan keyin – 56 kalendar kun;
- tug‘ish og‘ir kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda – 70 kalendar kun.
Ushbu davr uchun davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
- Homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi (korxona tugatilgan holatlar bundan mustasno).
- Bunday hollarda ayollarni majburiy tarzda ishga joylashtirish mahalliy mehnat organlari tomonidan amalga oshiriladi va ular tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlanadi.
- Homilador ayollar va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz:
- tungi ishlarga,
- ish vaqtidan tashqari ishlarga,
- dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish,
- xizmat safariga yuborish taqiqlanadi.
- Homilador ayol yoki yosh bolasi bor ayolning iltimosiga ko‘ra, shuningdek oilada bemor shaxsni parvarish qilayotganlarga tibbiy xulosa asosida to‘liqsiz ish kuni yoki ish haftasi belgilanishi shart.
Qo‘ng‘irot tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i
E. Bekeshov
