"BIZNESNI 15 DAQIQADA BOSHLASH"
2026-03-12 14:50:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash hamda biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik talablarni qisqartirish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-noyabrdagi
"Biznes yuritishni litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga oid navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi. Unda tadbirkorlarning ma’muriy xarajatlarini 90 mlrd so‘mgacha qisqartirish, shuningdek, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik jarayonida 85 kungacha vaqtni tejash asosiy maqsad etib belgilangan.
2026-yil 1-yanvardan boshlab "Biznesni 15 daqiqada boshlash" tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish tartibi joriy etiladi:
- ESI (elektron raqamli imzo) berish;
- bank hisobvaraqlarini ochish va ulardan foydalanish;
- litsenziya, ruxsatnoma olish yoki xabarnoma yuborish;
- ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
- qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) guvohnomasini olish;
- onlayn nazorat-kassa mashinalarini olish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
- yuridik shaxsga direktor tayinlash va uni axborot tizimida hisobga qo‘yish.
"Biznesni 15 daqiqada boshlash" tamoyili doirasida quyidagilar belgilandi:
(a) har bir xizmat tadbirkorlik subyektining tanloviga ko‘ra ixtiyoriy ravishda ko‘rsatiladi;
(b) tanlangan xizmatlar bo‘yicha yagona QR-kod orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi;
(b) tadbirkorlik subyektlarining birlamchi ma’lumotlari (ismi, familiyasi, otasining ismi, firma nomi, manzili, tashkiliy-huquqiy shakli va boshqalar) o‘zgarganda, ushbu ma’lumotlar bo‘yicha o‘zgarishlar yakka tartibdagi tadbirkor guvohnomasiga, litsenziyaga, ruxsatnomaga hamda xabarnomalarga idoralararo elektron hamkorlik orqali avtomatik tarzda va bepul kiritiladi.
Bunda:
(I) yakka tartibdagi tadbirkorning ismi, familiyasi va otasining ismi o‘zgarganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar — Ichki ishlar vazirligining "ID karta" avtomatlashtirilgan axborot tizimidan;
(II) boshqa ma’lumotlar — tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimidan real vaqt rejimida "Litsenziya" axborot tizimiga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-martdan boshlab "Litsenziya" axborot tizimida litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda quyidagilarni nazarda tutuvchi ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati yo‘lga qo‘yiladi:
(a) dastlabki baholash doirasida talabgor litsenziya yoki ruxsatnoma olish uchun rejalashtirayotgan bino-inshootlar, moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar, xodimlar hamda boshqa ma’lumotlarning litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlariga muvofiqligi o‘rganiladi va tegishli xulosa beriladi;
(b) dastlabki baholash xizmati 20 kundan oshmagan muddatda ko‘rsatiladi hamda tegishli litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishda arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan yig‘imdan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lov undiriladi.
Qo‘ng‘irot tumani Adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi direktori
B. Matniyazov
