Qo‘ng‘irot tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirish borasidagi ishlar o‘rganildi
2026-03-25 13:15:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholining farovon turmushini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qo‘ng‘irot tumanida bo‘ldi.
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi "Elabad" mahallasidagi "Ustyurt star biznes" korxonasi tomonidan kir yuvish kukunlarini ishlab chiqarish loyihasi bilan yaqindan tanishdi. Tadbirkor mahsulotlarini nafaqat ichki bozorga, balki eksportga ham yo‘naltirish choralarini ko‘rish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Bundan so‘ng, "Olmazor" mahallasida tadbirkor X.Allaniyazov tomonidan tozalangan suv ishlab chiqarish va qog‘ozni qayta ishlash loyihasi, "Café Collection" korxonasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan tikuv va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi, "Hakim ata" mahallasidagi Majit Atamuratov tomonidan mebel ishlab chiqarish loyihasi borib ko‘rildi.
Shuningdek, "ASQARTAY-AMINTAY" oilaviy korxonasi tomonidan qo‘lqop ishlab chiqarish, yakka tartibdagi tadbirkorlardan Majitov Murat tomonidan paypoq ishlab chiqarish, Seytmuratov Samat tomonidan binolar fasadi uchun termopanel ishlab chiqarish, hunarmand Esemuratov Serik tomonidan cholg‘u asboblari ishlab chiqarish loyihalari ko‘zdan kechirildi.
Bundan keyin, grant mablag‘lari asosida uskunalar olib kelingan "Kardio Kungrad" korxonasi, yana bir qator tadbirkorlik loyihalari o‘rganildi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z faoliyatini kengaytirishi uchun yaqindan ko‘mak berish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
@joqargikenes








