Qo‘ng‘irot tumanida yangi maktab foydalanishga topshirildi
2026-03-19 19:45:00 / Yangiliklar

Qo‘ng‘irot tumanida Navro‘z bayrami va muborak Ramazon hayiti arafasida yana bir muhim ijtimoiy obyekt — umumta’lim maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
“Hakim ata” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 16-sonli umumta’lim maktabining tantanali ochilish marosimida keng jamoatchilik vakillari, ustozlar, o‘quvchilar hamda mutasaddi tashkilotlar ishtirok etdi.
Mazkur zamonaviy ta’lim maskani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025–2027-yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida barpo etildi.
Loyiha doirasida barpo etilgan mazkur maktab 330 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, unda zamonaviy ta’lim olish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, o‘quvchilarning jismoniy rivojlanishini ta’minlash maqsadida 12x24 o‘lchamdagi zamonaviy sport zali ham qurib bitkazildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Yangi maktabning foydalanishga topshirilishi hudud aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun Navro‘z bayrami arafasidagi munosib sovg‘a bo‘ldi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday zamonaviy ta’lim muassasalari kelajak avlodning bilimli, barkamol va raqobatbardosh bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi.









