Korrupsiya: muammo va yechim yo‘llari
2026-03-11 10:50:00 / Yangiliklar

Korrupsiya: muammo va yechim yo‘llari
Har birimiz kamida bir marta korrupsiya, uning salbiy oqibatlari haqida televideniye, radio, gazeta yoki turli yig‘ilishlarda eshitganmiz. Korrupsiya so‘zi qaysi tildan olingani, u qanday ma’noni anglatishi haqida barchamizda dastlabki tushunchalar bor.
Korrupsiya, xalq tilida sodda qilib aytganda, poraxo‘rlikni pullik xizmat ko‘rsatish sifatida qabul qilish ham mumkin. Boshqa xizmatlardan farqi uning noqonuniyligi va ko‘pincha davlat xizmatchisi tomonidan amalga oshirilishidadir. Ammo bunday qonunga qarshi xizmatlar jamiyatda salbiy oqibatlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Uning jamiyatda keng ildiz otishiga qanday omillar sabab bo‘ladi?
Keling, shu haqida fikr yuritaylik.
Avvalo, shuni aytib o‘tish kerakki, jamiyatni butunlay korrupsiyadan tozalashning deyarli imkoni yo‘q. Faqat uni eng past darajaga tushirish mumkin.
Endi asosiy masalaga o‘tsak. Korrupsiya nima natijasida kelib chiqadi? Unga qarshi samarali kurash olib borish, korrupsiyadan xoli jamiyat barpo etish uchun nimalar qilish kerak?
Shu paytgacha dunyodagi yuzlab ekspertlar va olimlar tomonidan korrupsiya nazariyasi o‘rganilgan, u haqida millionlab qo‘llanmalar yaratilgan. Hatto korrupsiyaga qarshi kurashish formulalari ham o‘ylab topilgan. Shu sababli ham korrupsiyaning kelib chiqish sabablari sifatida juda ko‘plab taxminlar mavjud. Quyida ularning eng asosiylariga to‘xtalib o‘tamiz:
Ikki xil ma’noni anglatuvchi qonunlar — bu holat huquqni qo‘llovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlarni turlicha qo‘llash imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, ayrim mutaxassislar jinoyat qonunchiligidagi ayrim sanksiyalar ham korrupsiyaga qulay sharoit yaratishi mumkinligi haqida fikr bildirgan.
Aholining huquqiy savodxonligi pastligi — aholi tomonidan qonunlarni bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida qonunlardan foydalanishga qulay sharoit yaratadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, korrupsiyaga faqat moliyaviy mablag‘lar, aytaylik, davlat xizmatchisiga yuqori oylik maosh berish orqali barham berishning iloji yo‘q. Agar shunday bo‘lganida edi, bugungi kunda eng rivojlangan davlatlar korrupsiyadan butunlay xoli bo‘lishlari kerak edi. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi o‘ta shafqatsiz kurashish bilan ham to‘laqonli muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Buni Xitoy misolida ko‘rishimiz mumkin.
Shunday ekan, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish yo‘llarini uning kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan yuqoridagi omillardan kelib chiqqan holda belgilash mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Xususan:
Amaldagi qonunchilik bazasi barqaror rivojlanishi, bunda normativ-huquqiy hujjatlar normalari ochiq, sodda va aniq bo‘lishi kerak.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, aholi bilan samarali profilaktik tadbirlar tashkil etib borilishi lozim. Jamiyatning har bir a’zosida korrupsiyaga qarshi immunitet bo‘lmas ekan, unga qarshi kurashish hech qanday natija bermaydi.
Barcha sohalarda davlat boshqaruvini liberallashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini rivojlantirish lozim. Bunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali tizim ochiqligini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Muxtasar aytganda, korrupsiyaga qarshi kompleks, puxta ishlab chiqilgan dastur orqali kurashish kerak. Aks holda har qanday davlat yoki jamiyatning inqirozga yuz tutishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Qo‘ng‘irot tumani Adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi G. Doshanova
