Kattaqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i O.Jalilovning tuman aholisi va mehmonlariga murojaati
2026-10-08 09:00:00 / MUROJAAT

Assalomu alaykum, aziz kattaqo‘rg‘onliklar va tumanimiz mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida har oy yakunida tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat yo‘llab borilmoqda.
Sizlarga joriy yilning sentabr oyida tumanimizda sodir etilgan jinoyatlar haqida qisqacha ma’lumot bermoqchiman.
Joriy yilning sentabr oyida jami 54 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 14 tasi tashabbus bilan aniqlangan, 40 tasi esa oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarni tashkil etadi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida sentabr oyida tumandagi 69 ta mahallaning 22 tasida jinoyat sodir etilishiga umuman yo‘l qo‘yilmadi.
Jinoyat sodir etilgan mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
So‘nggi oylarda tumanimiz hududida o‘g‘irlik jinoyatlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshgani kuzatilmoqda. Shu sababli o‘z mulkingiz xavfsizligiga befarq bo‘lmasligingizni, shubhali shaxslar yoki holatlar haqida zudlik bilan mahalla profilaktika inspektoriga yoki 112 raqamiga xabar berishingizni so‘rayman.
Ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va profilaktik choralarni kuchaytirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda Sizlarning hushyorligingiz, ogohligingiz va hamkorligingiz muhim ahamiyatga ega.
Murojaatim davomida yana bir qator muhim masalalarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchidan, agar sizga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq qilinib, shaxsiy ma’lumotlaringiz so‘ralsa yoki bank kartangizga hujum bo‘layotgani aytilsa, bunday xabarlarga ishonmang. Shuningdek, Telegram kanallari yoki notanish veb-saytlar orqali tarqatilayotgan virusli APK fayllarini yuklab olmang va o‘rnatmang. Holatga oydinlik kiritish uchun bankning rasmiy ishonch telefoniga murojaat qiling. «APK Qo‘riqchi» ilovasidan ham foydalanishni tavsiya etaman. Kiberjinoyatlar qurboniga aylanib qolmang!
Ikkinchidan, xonadonlaringiz va boshqa ob’ektlaringizni ishonchli himoya qilish maqsadida ularni qo‘riqlash pultiga ulashingizni tavsiya qilaman.
Uchinchidan, chorva mollaringizni kechki vaqtlarda qarovsiz holda ochiq joylarda qoldirmang.
Hurmatli kattaqo‘rg‘onliklar!
Tumanimizda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik vakillari va Siz, aziz fuqarolarimiz bilan hamkorlikka tayanamiz.
Murojaatim yakunida barchangizni yana bir bor hushyor va ogoh bo‘lishga chaqiraman.
O‘z uyimiz va o‘z mahallamizning osoyishtaligini birgalikda asraylik!
