KATTAQO‘RG‘ON TUMANI HOKIMI JAMSHID NASRIDDINOVNING 1 OKTABR — O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
2026-09-29 09:10:00 / Hokim ma’ruza va tabriklari

KATTAQO‘RG‘ON TUMANI HOKIMI JAMSHID NASRIDDINOVNING 1 OKTABR — O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum, hurmatli ustoz va murabbiylar!
Qadrli ta’lim sohasi fidoyilari!
Muhtaram tadbir ishtirokchilari!
Avvalo, barchangizni inson qalbiga ezgulik, ilm-ma’rifat va yuksak orzu-maqsadlar urug‘ini qadaydigan, eng sharafli va mas’uliyatli kasb egalarining bayrami — 1 oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Bugun biz hayotimizda alohida o‘rin tutgan, har bir insonning taqdiri va kelajagiga o‘z mehnati, bilimi va tarbiyasi bilan daxldor bo‘lgan aziz ustozlarimizni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish uchun jam bo‘lib turibmiz.
Ustoz — shunchaki kasb egasi emas. Ustoz — millat kelajagini tarbiyalaydigan, jamiyat taraqqiyotiga poydevor qo‘yadigan buyuk shaxsdir.
Zero, har qanday davlatning taraqqiyoti, yurtning jadal rivojlanishi, xalq farovonligi, avvalo, yosh avlodga berilayotgan ta’lim-tarbiya sifatiga bog‘liq.
Bugun Yangi O‘zbekistonda ta’lim va inson kapitaliga davlat siyosati darajasida yuksak e’tibor qaratilayotgani barchamizni quvontiradi. Zamonaviy maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari barpo etilmoqda, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on tumanida ham ta’lim sohasida salmoqli natijalar qo‘lga kiritilmoqda.
Yana bir quvonarli jihat shundaki, bugun tumanimiz ustozlari nafaqat shogirdlari yutuqlari, balki o‘zlarining kasbiy mahorati bilan ham yuksak natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
Joriy yilda mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovida 46 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etgan bo‘lib, 208 nafar g‘olib qatorida Kattaqo‘rg‘on tumani 14-maktab o‘qituvchisi Ulug‘boy Sherov O‘tkir o‘g‘lining ham borligi biz uchun katta faxr va quvonchdir.
Tanlov g‘oliblariga 616 million so‘mdan mukofot puli ajratilishi belgilangani esa pedagog mehnati va kasbiy mahoratiga yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir.
Ulug‘boy Sherovning ushbu yuksak natijasi nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki butun tuman ta’lim tizimi uchun ham katta sharafdir. Bu kabi natijalar Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘z kasbiga sadoqatli, izlanuvchan va yuksak salohiyatli ustozlar safining kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugun tumanimizda jami 360 ta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Shundan 70 tasi davlat, 1 tasi nodavlat, 16 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 161 tasi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek, 108 ta davlat umumta’lim maktabi, 1 ta “Kelajak markazi”, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab va 2 ta nodavlat umumta’lim maktabi mavjud.
Tumanda 3–7 yoshli bolalar soni 28 612 nafarni tashkil etadi. Ularning 12 110 nafari davlat, 7 190 nafari nodavlat va davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Natijada 2026 yil 1 avgust holatiga maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 67,4 foizga yetkazildi.
Tuman umumta’lim maktablarida bugun 4 440 nafar pedagog xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning 1 293 nafari, ya’ni 29,5 foizi oliy va birinchi toifali o‘qituvchilardir. Bu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 3,4 foizga oshgan.
Ayniqsa, xorijiy tillarni o‘qitish borasida ham quvonarli natijalar bor. Tumanda 340 nafar xorijiy til fani o‘qituvchisi faoliyat yuritmoqda. Ularning 301 nafari, ya’ni 88,5 foizi xalqaro yoki unga tenglashtirilgan milliy sertifikatlarga ega.
Ta’lim samaradorligida ham ijobiy o‘sish kuzatilmoqda.
2025–2026 o‘quv yili yakuniga ko‘ra, 3 172 nafar bitiruvchining 945 nafari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 26 foizdan 29,5 foizga ko‘tarildi.
O‘quvchilarning fanlar bo‘yicha o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 78 balldan 85 ballga oshdi.
Quvonarlisi, joriy yilda 33 nafar bitiruvchimiz oltin, 13 nafari kumush medal bilan taqdirlandi.
Bu — nafaqat yoshlarimizning, balki ularga bilim va tarbiya bergan ustozlarimizning ham katta yutug‘idir.
Farzandlarimiz yutug‘i — biz uchun eng katta bayram sovg‘asidir.
Bugun biz nafaqat miqdor, balki sifat natijalari bilan ham faxrlanishimiz mumkin.
Tuman o‘quvchilari olimpiadalar, xalqaro va respublika miqyosidagi tanlovlarda munosib ishtirok etmoqda. Jumladan, 4 nafar o‘quvchimiz asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida ishtirok etdi.
1-IDUM o‘quvchisi Ravshanov Ashrafjon Obidjon o‘g‘li xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasida 2-o‘rinni egallab, kumush medal sohibi bo‘ldi.
105-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Berdiev Baxtiyor Ilhom o‘g‘li chet tilini bilish bo‘yicha IELTS 6 darajasini qo‘lga kiritdi.
“Besh million dasturchi” loyihasida viloyatdagi 17 nafar sovrindorning 7 nafari Kattaqo‘rg‘on tumani vakillari ekani ham ta’lim tizimida olib borilayotgan ishlar samarasining yaqqol ifodasidir.
Sport va san’at yo‘nalishidagi natijalarimiz ham tahsinga sazovor.
O‘quvchilarimiz “Vatanparvarlar”, “Shunqorlar”, “Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni egallagan.
Qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha Respublika kubogida 9- va 68-maktab terma jamoalari 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Kurash, boks, kyokushinkay karate, para yengil atletika, musiqa va san’at yo‘nalishlarida ham o‘quvchilarimiz respublika va xalqaro miqyosda munosib natijalarga erishmoqda.
Bu yutuqlarning ortida, avvalo, siz, aziz ustozlarning mashaqqatli mehnatingiz, kechayu kunduzgi izlanishlaringiz va fidoyiligingiz mujassam.
Hurmatli ustozlar!
Ta’lim sohasini rivojlantirish, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida joriy yilda tumanimizda 54 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 9 ta maktab, 3 ta qo‘shimcha bino, 10 ta bog‘cha va 3 ta oshxona qurilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bu — farzandlarimiz ta’limi va tarbiyasiga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir.
Biz yaxshi tushunamiz: bugun ta’limga kiritilgan sarmoya — ertangi kunga kiritilgan sarmoyadir.
Bugun maktabda o‘tirgan farzandlarimiz ertaga tumanimiz, viloyatimiz va Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan bilimli, salohiyatli mutaxassislar bo‘lib yetishadi.
Shu bois, ta’lim muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratish, o‘quvchilarning sifatli bilim olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish borasidagi ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Oldimizda yana katta vazifalar turibdi. 2026–2027 o‘quv yilida tumanda maktabgacha ta’lim bilan qamrovni 75 foizga yetkazish, yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablar sonini 52 taga yetkazish, xorijiy tillarni o‘qitish sifatini yanada oshirish, bitiruvchilarning sertifikatlarga ega bo‘lish ko‘rsatkichini 50 foizga yetkazish, olimpiadalarda yuqori natijalarni ta’minlash kabi aniq maqsadlarni belgilab olganmiz.
Shuningdek, 320 nafar o‘quvchini sun’iy intellekt yo‘nalishida zamonaviy kasb va ko‘nikmalarga yo‘naltirish, pedagoglarning sifat tarkibini yaxshilash, 1 200 nafar pedagogni attestatsiya jarayoniga jalb etish, 880 nafar pedagogning malakasini oshirish vazifalari belgilangan.
Ishonchim komilki, bu vazifalarni ham siz — aziz ustozlar bilan hamjihatlikda amalga oshiramiz. Zero, ta’limga kiritilgan har bir so‘m — mamlakat kelajagiga kiritilgan eng qimmatli sarmoyadir.
Aziz ustozlar!
Sizlarning mehnatingiz natijasi bugungi raqamlarda emas, balki ertangi kunimizda — ilmli, bilimli, vatanparvar, zamonaviy fikrlaydigan yoshlarimiz timsolida namoyon bo‘ladi.
Sizlar har kuni maktab ostonasidan kirib kelgan har bir farzandga nafaqat bilim, balki hayot sabog‘ini, ezgulikni, insonparvarlikni, Vatanga muhabbatni o‘rgatasiz.
Fursatdan foydalanib, barcha ustoz va murabbiylarni, ta’lim sohasida mehnat qilayotgan fidoyi insonlarni, faxriy ustozlarimizni ushbu qutlug‘ bayram bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman!
Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, qalb xotirjamligi, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Doimo shogirdlaringiz kamolidan, ularning yutuqlaridan faxrlanib yurish nasib etsin! Xonadoningizdan fayzu baraka, qalbingizdan ezgulik, chehrangizdan tabassum arimasin!
1 oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni barchangizga muborak bo‘lsin!
