Kattaqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Aslam Ochilovning tuman aholisi va mehmonlariga murojaati
2026-09-11 14:25:00 / MUROJAAT
Kattaqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Aslam Ochilovning tuman aholisi va mehmonlariga murojaati
Sizlarga, tumanimizdagi kriminogen vaziyat bo‘yicha har oyning yakuni bilan “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” yo‘llab borilmoqda. Shu sababli tumanimizda avgust oyi sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha qisqacha ma’lumot bermoqchiman.
Joriy yilning avgust oyida jami 70 ta jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ushbu jinoyatlarning 25 foiz tashabbus bilan aniqlanadigan, 73 foiz oldini olish mumkun bo‘lgan jinoyatlar tashkil qilib, umumiy jinoyatlar iyul oyiga nisbatan 18,5 foizga kamaydi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan tadbirlar natijasida, tumandagi 69 ta mahallalardan 14 tasi “qizil”, 22 tasi “sariq”, 33 tasi “yashil” toifaga kiritildi.
Jinoyat sodir etilgan mahallalarda kriminogen vaziyatni jilovlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning avgust oyida tuman hududida o‘g‘irlik jinoyatlarining sodir etilishida o‘sish holati kuzatildi. Mazkur turdagi jinoyatning oldini olishda sizlardan quyidagi profilaktik choralarga qat’iy rioya etishingizni so‘raymiz:
-xonadon, hovli va boshqa mol-mulklarni qarovsiz qoldirmaslik;
-uy eshik va derazalarini mustahkam qulflar bilan jihozlash;
-qimmatbaho buyumlar va katta miqdordagi pul mablag‘larini ko‘zga tashlanadigan joylarda saqlamaslik;
-avtomashinalarni qarovsiz va ochiq holda qoldirmaslik;
-velosiped, motosikl, maishiy texnika va boshqa qimmatbaho buyumlarni xavfsiz joyda saqlash;
-uzoq muddatga safarga chiqishda xonadonni qarovsiz qoldirmaslik va yaqinlaringiz yoki qo‘shnilaringizni ogohlantirish;
-shubhali shaxslar yoki noma’lum transport vositalarining xonadonlar atrofida yurishiga e’tiborli bo‘lish;
-sodir etilgan yoki sodir etilishi mumkin bo‘lgan o‘g‘irlik holatlari haqida zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar berish.
Hurmatli fuqarolar bugungi kunda ko‘plab fuqarolarimiz internet firibgarlarining yolg‘on aldovlariga uchrab, bilib-bilmasdan shaxsiy va bank karta ma’lumotlarini taqdim qilishi natijasida ham moddiy, ham ma’naviy zarar ko‘rayotganligi kuzatilmoqda.
Shu bois, Respublikamiz miqyosida aholini kibermakondagi tahdidlardan himoya qilish, ularni kiberjinoyatlarning oqibatlaridan ogohlantirish maqsadida tezkor-profilaktik targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Har biringizni kiberxavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz. Xususan:
Soxta mobil ilova (APK) viruslari – ijtimoiy tarmoqlar, telegram kanallar yoki notanish veb-saytlar orqali tarqatilayotgan virusli .APK fayllarini yuklab olish va o‘rnatish orqali telefoningizdagi barcha ma’lumotlar (bank ma’lumotlari, shaxsiy suratlar, kontaktlar) o‘zlashtirib olinishi mumkin.
Onlayn savdo bilan bog‘liq firibgarliklar – internetda, xususan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan arzon tovarlarni sotib olish maqsadida noma’lum shaxslarga oldindan pul o‘tkazmang.
Soxta onlayn-do‘konlarga ishonish oqibatida moddiy zararga uchrash mumkin. Har doim tovarni olgandan so‘ng pul to‘lang va savdoni rasmiy hamda ishonchli platformalar orqali amalga oshiring;
Notanish qo‘ng‘iroqlar – o‘zini bank yoki davlat xodimi deb tanishtirgan shaxslar tomonidan so‘ralayotgan SMS tasdiqlash kodlarini hech qachon aytmang. Soxta e’lon va reklama orqali shaxsiy ma’lumotlaringizni, bank kartasi ma’lumotlari va SMS-kodlarni kiritmang;
Bolalaringizning internetdagi faoliyatini doimiy nazorat qiling.
Murojaatim davomida ushbu muhim yo‘nalishlarga ALOHIDA TO‘XTALMOQChIMAN.
-kiber jinoyatlarni sodir etilishini oldini olish maqsadida, “APK Qo‘riqchi” va “Samcuber” dasturlariga faol ulanishni so‘rayman.
-Xonadonlar va boshqa ob’ektlardan o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishini oldini olish maqsadida, ularni qo‘riqlash pultiga topshirishingizni tavsiya qilaman.
-Chorva mollari o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishini oldini olish maqsadida, ularni qarovsiz qoldirmasligingizni so‘rab qolaman.
Hurmatli Kattaqo‘rg‘onliklar,
Xalqimizning tinch-totuv va xavfsiz hayot kechirishida jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab olib, tumanimiz hududida,
-jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish,
-jinoyatchilikka qarshi kurashish,
-mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasidagi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirishimiz lozim.
Bu ishlarni amalga oshirishda albatta keng jamoatchilik vakillari va Siz aziz fuqarolarimizga tayanamiz.
Murojaatim yakunida, Siz azizlarni yana bir bor ogohlikka chaqiraman.
O‘z uyimiz, o‘z mahallamizni o‘zimiz asraylik! Aziz yurtdoshlar.
