Kattaqo‘rg‘on tumanida Mustaqillikning 35 yilligi shodiyonasi!
2026-08-31 09:20:00 / Yangiliklar

Kattaqo‘rg‘on tumanida yurtimiz hayotidagi eng ulug‘ va eng aziz sana — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tantanalari ko‘tarinki ruhda, o‘zgacha shukuh bilan nishonlandi.
Tumanning «Polvontepa» o‘yingohida tashkil etilgan tantanali tadbirda tuman ahli, mehmonlar, nuroniylar, yoshlar va turli soha vakillari jam bo‘lib, istiqlolimizning qutlug‘ sanasini ko‘tarinki kayfiyatda qarshi oldilar.
Tuman hokimi Jamshid Nasriddinov barchani Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etib, yurtdoshlarimizga tinchlik-osoyishtalik, xonadonlariga fayzu baraka va farovon hayot tiladi.
Tadbir davomida harbiy orkestr sadolari, faxriy qorovulning namunali chiqishlari hamda Vatanni, istiqlolni va yurtga muhabbatni tarannum etuvchi badiiy dasturlar namoyish etildi.
Bayramning eng yorqin lahzalaridan biri taniqli san’atkor Tohir Sodiqovning chiqishi bo‘ldi. Uning diltortar qo‘shiqlari bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlar bag‘ishladi.
Shuningdek, san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sahna chiqishlari Polvontepa o‘yingohidagi bayram shukuhini yanada oshirdi.
«Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!»
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan ushbu shodiyona tuman ahlining yurtga sadoqati, birdamligi va ertangi kunga bo‘lgan yuksak ishonchini namoyon etgan haqiqiy xalq sayliga aylandi.
Mustaqilligimiz abadiy, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon bo‘lsin!
Mustaqillikning 35 yilligi muborak bo‘lsin!






