Kattaqo‘rg‘on tumanida «korrupsiyadan xoli hudud» dasturi ijrosi o‘rganildi
2026-08-14 09:00:00 / Yangiliklar

O‘rganishlar davomida korrupsiyaning oldini olish, inson omilini qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, belgilangan chora-tadbirlarning amaliy ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, tuman tibbiyot birlashmasida fuqarolar qabuli elektron tartibda yo‘lga qo‘yilgani, tibbiy xizmatlar «DMED» axborot tizimi orqali ko‘rsatilayotgani, muassasa va unga qarashli ob’yektlarda videokuzatuv tizimi hamda situasion markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ko‘zdan kechirildi. Sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida ishlar tizimli amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, 23-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar uchun issiq ovqat tayyorlash xizmati autsorsing asosida tashkil etilgani o‘rganildi. Bunda ovqat mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va sarflash, taomlarni belgilangan me’yorlar asosida tayyorlash hamda xizmat ko‘rsatish jarayonlarida ochiqlik va nazoratni ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, oshxonada videokuzatuv kameralari o‘rnatilmagani qayd etildi. Mazkur holat korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish va ovqatlanish jarayoni ustidan samarali nazoratni ta’minlash nuqtai nazaridan tanqidiy baholandi.
O‘rganishlar yakunlari tuman hokimligida Agentlik direktori, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi a’zolari va mas’ullar ishtirokida tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Yig‘ilishda mas’ul rahbarlarning dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar bo‘yicha hisobotlari tinglandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish, dasturning har bir bandi ijrosini ta’minlash hamda mas’ullarning shaxsiy javobgarligi va nazoratini kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Korrupsiyadan xoli hudud — bu, avvalo, har bir jarayonda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, inson omilini qisqartirish hamda korrupsiyaviy xavflarning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish demakdir.


