📊Yarim yilda 53,2 mln dollar investisiya, 14,3 mln dollarlik eksport
2026-07-09 12:35:00 / Matbuot anjumanlari

Kattaqo‘rg‘on tumanida investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu mavzuda tuman hokimining o‘rinbosari — investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi bosh mutaxassisi Azizbek Xudoyqulov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Brifingda ta’kidlanganidek, joriy yilning yanvar-iyun oylarida tumanda 28,0 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtirish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 53,2 million AQSh dollari investitsiya o‘zlashtirildi. Bu belgilangan rejaga nisbatan 190,0 foiz, 2025 yilning mos davriga nisbatan esa 180,3 foiz o‘sish demakdir.
Xususan, Kumushkent mahallasi hududida “CES” MChJ XK tomonidan sement ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlikdan o‘z ehtiyoji uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda sement-beton qoplamali yangi avtomobil yo‘lini qurish loyihalari doirasida 30,0 million AQSh dollari xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.
Shuningdek, “Anvarjon Biznes Invest” MChJ tomonidan sintetik, poliester va sun’iy tolalar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi doirasida 4,0 million AQSh dollari, tumanda samarali faoliyat yuritayotgan “Turon Sam-Plast” MChJ tomonidan plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi doirasida 1,0 million AQSh dollari xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.
2026 yilda hududiy investitsiya dasturi doirasida tumanda umumiy qiymati 1 trillion 320,1 milliard so‘m bo‘lgan 105 ta loyihani ishga tushirish va ular hisobidan 1235 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Jumladan, sanoat sohasida qiymati 1 trillion 45,4 milliard so‘m bo‘lgan 27 ta loyiha orqali 792 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida qiymati 134,4 milliard so‘m bo‘lgan 46 ta loyiha orqali 263 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida esa qiymati 140,3 milliard so‘m bo‘lgan 32 ta loyiha orqali 180 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida qiymati 163,9 milliard so‘m bo‘lgan 44 ta loyiha amalga oshirilib, 255 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Masalan, “Kattaqo‘rg‘on Elektrotexnika Zavodi” MChJ tomonidan qiymati 25,0 milliard so‘m bo‘lgan sendvich panel ishlab chiqarish loyihasi doirasida 20 ta, “Maxsus Mexanizatsiyalashgan Ko‘chma Kolonna” MChJ tomonidan qiymati 6,0 milliard so‘m bo‘lgan tayyor beton ishlab chiqarish loyihasi natijasida 6 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Brifingda tumanning eksport salohiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. 2026 yil uchun eksport prognoz ko‘rsatkichi 29,0 million AQSh dollari etib belgilangan. Shundan 20,0 million dollari sanoat, 9,0 million dollari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Yanvar-iyun oylari uchun eksport rejasi 7,8 million AQSh dollari etib belgilangan bo‘lib, amalda 14,3 million AQSh dollarilik mahsulotlar eksport qilindi. Jumladan, sanoat mahsulotlari eksporti 8,8 million dollar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti esa 5,5 million dollarni tashkil etdi.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,7 million dollar ko‘p mahsulot eksportga yo‘naltirilib, o‘sish sur’ati 2,5 barobarga oshdi.
Sanoat sohasida Melixo‘ja mahallasida joylashgan “Blessing Partner” MChJ tomonidan 2,1 million AQSh dollarilik mis va latun rangli metall mahsulotlari Xitoy Xalq Respublikasiga eksport qilindi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida esa Qoqsoy mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan “Abduraxmon Baxtiyorovich” fermer xo‘jaligi tomonidan 2,4 million AQSh dollarilik quruq meva mahsulotlari Qirollik, Germaniya, Gruziya, Iroq, Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Xitoy va Ukraina davlatlariga eksport qilindi.
Shuningdek, yanvar-iyun oylarida mahalliy korxonalar eksport faoliyatiga yanada faol jalb etilib, “Kattaqo‘rg‘on Elektrotexnika Zavodi” MChJ tomonidan mahalliy ishlab chiqarilgan TMG rusumli transformatorlar ilk bor Turkmaniston davlatiga eksport qilindi.
Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari tuman iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, sanoat salohiyatini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
