Kattaqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Aslam Ochilovning tuman aholisi va mehmonlariga murojaati
2026-07-07 15:10:00 / MUROJAAT

Kattaqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Aslam Ochilovning tuman aholisi va mehmonlariga murojaati
Assalomu alaykum, aziz Kattaqo‘rg‘onliklar hamda tumanimiz mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning tegishli qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan har oyning yakuni bo‘yicha profilaktik-ogohlantiruvchi murojaatlar yo‘llab borilmoqda.
Shu munosabat bilan Sizlarga joriy yilning iyun oyida tumanimizda sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha qisqacha ma’lumot bermoqchiman.
Joriy yilning iyun oyida tumanda jami 49 ta jinoyat sodir etildi. Mazkur ko‘rsatkich may oyiga nisbatan 45 foizga kamaydi.
Shuningdek, iyun oyida sodir etilgan jinoyatlarning 59 foizi tashabbus bilan aniqlangan, 41 foizi esa oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarni tashkil etdi.
Olib borilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida iyun oyida tuman hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardan qotillik, talonchilik, bosqinchilik, og‘ir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish hamda avtotransport vositalarini olib qochish jinoyatlarining sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan ishlar natijasida tumandagi 69 ta mahallaning 45 tasida umuman jinoyat sodir etilmadi va ular "yashil" toifaga kiritildi. 15 ta mahalla "sariq", 9 ta mahalla esa jinoyatchilik ko‘rsatkichlari oshganligi sababli "qizil" toifaga kiritildi.
Jumladan, Qushbegi, Do‘stlik, Mirzo Ulug‘bek, Kumushqirg‘oq, Balandchordara, Kattaming, Jonkel, Qo‘shhovuz va Yangiqiyot mahallalarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda ularni "yashil" toifaga o‘tkazish maqsadida manzilli chora-tadbirlar va profilaktik ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
So‘nggi vaqtlarda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan o‘g‘irlik, qasddan tan jarohati yetkazish hamda bezorilik jinoyatlarining ortib borayotgani barchamizni tashvishga solmoqda.
Aziz ota-onalar!
Farzandlaringizning tarbiyasiga, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga hamda kimlar bilan muloqot qilayotganiga alohida e’tibor qarating. Yoshlarimizning kelajagi, avvalo, oiladagi tarbiyaga bog‘liq.
Murojaatim davomida yana bir qator muhim masalalarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
✅ Kiberjinoyatlarning oldini olish maqsadida, agar Sizga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, shaxsiy ma’lumotlaringiz yoki bank kartangiz rekvizitlarini so‘rashsa, yoxud bank kartangizga hujum bo‘layotgani haqida xabar berishsa, shoshilmang. Avvalo bankning rasmiy ishonch telefoniga murojaat qilib, holatga aniqlik kiriting. Firibgarlarning yolg‘on va’dalariga ishonib, kiberjinoyat qurboniga aylanib qolmang.
✅ Xonadonlar va boshqa obyektlarda o‘g‘irlik jinoyatlarining oldini olish maqsadida, ularni qo‘riqlash xizmatining pultiga ulashing.
✅ Chorva mollari o‘g‘irlanishining oldini olish uchun ularni qarovsiz qoldirmang.
✅ Suv havzalarida cho‘milish vaqtida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qiling. Ayniqsa, yosh bolalarni suv havzalari atrofida qarovsiz qoldirmang.
Hurmatli Kattaqo‘rg‘onliklar!
Bugungi kunda Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan barcha islohot va chora-tadbirlar xalqimizning tinch, osoyishta va xavfsiz hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan.
Shunday ekan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, hamkor tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda:
- jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish;
- jinoyatchilikka qarshi kurashish;
- mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur.
Bu vazifalarni amalga oshirishda, avvalo, Siz aziz fuqarolarimizning hushyorligi, qonunlarga hurmati va faol fuqarolik pozitsiyasiga tayanamiz.
Murojaatim yakunida Sizlarni yana bir bor ogohlikka chaqiraman.
O‘z uyimiz, o‘z mahallamiz va yurtimiz osoyishtaligini birgalikda asraylik!
Qonunga hurmat, ogohlik va hamjihatlik — xavfsiz hayotning eng muhim garovidir.
E’tiboringiz uchun rahmat!
