Kattaqo‘rg‘on tumani prokurori Nozimov Mirzaxon Xojievichning huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tumanimiz aholisiga yo‘llagan
2026-03-10 11:00:00 / MUROJAAT

Kattaqo‘rg‘on tumani prokurori Nozimov Mirzaxon Xojiyevichning huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tumanimiz aholisiga yo‘llagan
MUROJAATI
Assalomu alaykum, hurmatli Kattaqo‘rg‘on tumani aholisi!
Hurmatli Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha PQ-1-sonli Qarori ijrosini ta’minlash, Siz azizlarni jinoyatlardan jabrlanib qolish ehtimolingizni oldini olish maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan mazkur murojaatimni yo‘llamoqdaman.
Hurmatli fuqarolar !
Tuman hududida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, tumanda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar holati atroflicha o‘rganilib, xalq deputatlari Kengashining qo‘shma yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.
Jinoyatlarning soni oshgan ayrim mahallalarda jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar o‘rganilib, har bir jinoyat turi bo‘yicha ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Shunga qaramasdan, 2026-yil fevral oyida tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 taga ko‘paygan.
Ushbu oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar, jumladan o‘g‘rilik jinoyati tumandagi “Burgansoy”, “Do‘stlik”, “Omonkalxat”, “Go‘zal”, “Kumushqirg‘oq”, “Navbahor”, “Mundiyon” va “Yangiqiyot” mahallalarida, tan jarohat yetkazish jinoyatlari “Yangiqiyot”, “Navbahor” va A.Navoiy mahallalarida, oilaviy zo‘ravonlik jinoyati “Yodgorxo‘ja” mahallasida, boshqa turdagi jinoyatlar “Cho‘yanchi”, “Yangiobod”, “Kattaming”, “Kumushqirg‘oq” va “Nayman” mahallalarida sodir bo‘lgan.
Ushbu mahallalarda sodir bo‘lgan o‘g‘rilik jinoyati asosan fuqarolarning qoramollarini qarovsiz qoldirilishi natijasida sodir bo‘lgan.
Tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlarning fuqarolarning muomila madaniyatiga rioya qilmasligi, o‘zidan yoshi kattalarni hamda bir-birini hurmat qilmasligi va qonunlarga bo‘ysunmasligi sabab bo‘lmoqda.
Tumandagi 69 ta mahallaning 52 tasida jinoyat sodir etilmagan bo‘lsa, 14 tasida barqaror saqlangan va kamaygan, biroq 3 ta mahallada o‘tgan yilga nisbatan ko‘p jinoyat sodir etilib “qizil” hududga kirgan.
Aziz tumanimiz aholisi, tuman hududida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishda olib borilayotgan profilaktik ishlarga e’tiborsiz bo‘lmang, ushbu tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordamingizni ayamang, qonunlarga rioya qiling.
