AGENTLIK HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi "Agrar sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" PF-224-sonli Farmoniga muvofiq, Agrar sohada to‘lovlar agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirishga mas’ul hisoblanadi.
Umumiy ma’lumot
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida subsidiyalar ajratish, ularning samaradorligi va natijadorligini ta’minlash sohasida faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
Agentlik o‘z faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hisobot beradi.
Agentlikning asosiy vazifalari
Agentlikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalaridagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarining tizimli amalga oshirilishini tashkil qilish.
— Davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiyalarning samaradorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, ularning ijrosini monitoring va tahlil qilish, natijadorligini oshirish yoki samara bermayotgan choralarni bekor qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
— Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga qaratilgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarining yangi turlarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
— Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarining bir turidan iqtisod qilingan mablag‘larni boshqa turlariga qayta taqsimlash bo‘yicha takliflar kiritish.
— Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirishda arizalarni qabul qilish, ko‘rib chiqish, ma’qullash va to‘lov jarayonigacha bo‘lgan barcha bosqichlarni to‘liq raqamlashtirish.
— Xorijiy davlatlarning agrar sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajribasini o‘rganish hamda uni respublikada joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
Agentlik faoliyatini tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjatlar:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-224-son Farmoni — «Agrar sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida».
— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-son qarori — «Agrar va oziq-ovqat sohalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida». Mazkur qaror bilan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalaridagi tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar ajratish tartibini belgilovchi nizomlar tasdiqlangan.
Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar Agentlikning faoliyati, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari hamda subsidiyalar ajratish tartibining huquqiy asoslarini belgilaydi.
