SPORTCHILARIMIZNING G‘ALABALARI — TUMANIMIZ FAXRI!
2026-11-19 16:05:00 / Yangiliklar

SPORTCHILARIMIZNING G‘ALABALARI — TUMANIMIZ FAXRI!
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda sportni rivojlantirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Buning samarasi sifatida yoshlarimiz xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli musobaqalarda yuksak natijalarga erishib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
Quvonarlisi, bu borada Pastdarg‘om tumani yoshlari ham salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Jumladan, mahoratli sportchimiz Sabrina Chakomanova Dakar shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida boks bo‘yicha qizlar o‘rtasida ilk chempionlikni qo‘lga kiritib, tarixiy natijaga erishdi. Ushbu g‘alaba nafaqat sportchimizning, balki butun tumanimizning faxr va iftixoriga aylandi.
Shuningdek, Prezident Olimpiadasining respublika final bosqichida dzyudo, boks, qilichbozlik, yengil atletika va badiiy gimnastika yo‘nalishlarida 26 nafar sportchimiz munosib ishtirok etib, 8 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Bugun ana shunday yuksak natijalarga erishgan sportchilarimizni tantanali kutib olish va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimi J. Pardayev so‘zga chiqib, sportchilarimizni erishgan muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi. Yoshlarning sportdagi yutuqlari, ularning ortida turgan mashaqqatli mehnat va murabbiylarning fidoyiligi alohida e’tirof etildi.
Shundan so‘ng tuman hokimi, tuman prokurori hamda soliq inspeksiyasi boshlig‘i tomonidan medal sohiblari va ularning murabbiylariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Albatta, bunday e’tibor va e’tirof yosh sportchilarimiz uchun yangi marralar sari intilishda katta rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Ishonamizki, ular kelgusida ham yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, yangi g‘alabalar bilan xalqimizni quvontiradi!
