PASTDARG‘OM TUMANI FVB BOSHLIG‘I F. NISHANOVNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI!
2026-10-30 18:00:00 / Yangiliklar

PASTDARG‘OM TUMANI FVB BOSHLIG‘I F. NISHANOVNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI!
Assalomu aleykum Pastdarg‘om tumani aholisi va tumanimiz mehmonlari!
Kuz-qish mavsumi kirib kelishi bilan aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari va boshqa binolarda isitish moslamalaridan foydalanish sezilarli darajada ortadi. Afsuski, ayrim fuqarolar tomonidan gaz va isitish uskunalaridan foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik, mo‘ri va ventilyatsiya tizimlarining nosozligi hamda xavfsizlik talablariga beparvolik bilan qarash natijasida is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi va yong‘in kabi noxush hodisalar yuzaga kelishi mumkin.
Avvalo, is gazi nima va uning xavfi nimada?
Is gazi – uglerod oksidi (CO) bo‘lib, rangsiz, hidsiz va ta’msiz, inson hayoti uchun o‘ta xavfli zaharli gaz hisoblanadi. U tabiiy gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa yoqilg‘ilar kislorod yetishmagan sharoitda to‘liq yonmaganida hosil bo‘ladi.
Is gazining eng xavfli jihati shundaki, inson uni hidlash yoki ko‘rish orqali aniqlay olmaydi. Nafas orqali organizmga kirgan is gazi qondagi gemoglobin bilan birikib, to‘qimalarga kislorod yetkazilishini buzadi. Natijada inson organizmida kislorod tanqisligi yuzaga kelib, og‘ir holatlarda hayot uchun xavf tug‘diradi.
Is gazidan zaharlanishning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi;
ko‘ngil aynishi va qusish;
umumiy holsizlik va tez charchash;
nafas olishning qiyinlashishi;
yurak urishining tezlashishi;
hushning buzilishi va hushdan ketish.
Ayniqsa, bir xonadonda bir nechta kishida bir vaqtning o‘zida bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va holsizlik kuzatilsa, is gazidan zaharlanish ehtimolini inobatga olish lozim.
Is gazidan zaharlanish holati yuzaga kelganda nima qilish kerak?
Bunday vaziyatda har bir soniya muhim. Eng avvalo, o‘zingizni xavf ostiga qo‘ymasdan, jabrlanganlarni imkon qadar tez toza havoga olib chiqish, xavfsiz hududga evakuatsiya qilish va zudlik bilan tez tibbiy yordamning 103 yoki yagona favqulodda xizmatning 112 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish zarur.
Agar xavfsiz joydan turib amalga oshirish imkoni bo‘lsa, xonani shamollatish uchun eshik va derazalarni ochish lozim. Bunda elektr chiroqlarini yoqish yoki o‘chirish, elektr jihozlarini ishlatish va uchqun chiqarishi mumkin bo‘lgan harakatlardan saqlanish kerak.
Jabrlanuvchining nafas olishi va hushini tekshirish, tibbiy yordam yetib kelguniga qadar uning holatini kuzatish zarur. Nafas olishi normal bo‘lmasa, tez yordam operatori ko‘rsatmasiga muvofiq yurak-o‘pka reanimatsiyasini boshlash lozim. Jabrlanuvchining ahvoli yaxshilangandek ko‘rinsa ham, albatta shifokor ko‘rigidan o‘tkazish talab etiladi.
Hurmatli fuqarolar, is gazidan zaharlanishning oldini olish o‘z qo‘lingizda!
Buning uchun quyidagi xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etishingizni so‘raymiz:
1. Gaz plitalaridan xona isitish maqsadida foydalanmang.
2. Gaz isitish uskunalari, suv isitkichlar va boshqa qurilmalarni mavsum boshlanishidan oldin malakali mutaxassislarga tekshirtiring.
3. Isitish pechlari va gaz uskunalarining mo‘ri hamda dudburonlarini muntazam tozalatib, ularning sozligini ta’minlang.
4. Xonadonlarda ventilyatsiya kanallarining ochiq va soz holatda bo‘lishiga e’tibor qarating.
5. Gaz uskunalarini nazoratsiz qoldirmang va ularni yoqilgan holatda qarovsiz tashlab ketmang.
6. Gaz uskunalarini o‘zboshimchalik bilan ta’mirlamang, qayta jihozlamang va ularning tuzilishiga o‘zgartirish kiritmang.
7. Is gazini aniqlovchi maxsus CO detektorlarini o‘rnating va ularning doimiy ishga yaroqli holatda bo‘lishini ta’minlang.
8. Yopiq xonalarda ko‘mir, o‘tin, mangal va boshqa yoqilg‘i vositalaridan foydalanmang.
9. Avtotransport vositalari dvigatellarini yopiq garaj va boshqa shamollatilmaydigan joylarda ishlatmang.
10. Bolalar va yoshi katta insonlarning gaz hamda isitish uskunalaridan xavfsiz foydalanishiga alohida e’tibor qarating.
Shuningdek, tabiiy gaz sizib chiqishi bilan bog‘liq xavflarni ham unutmaslik lozim. Agar xonada gaz hidi sezilsa, gaz kranini xavfsiz bo‘lsa yoping, elektr jihozlarini yoqmang yoki o‘chirmang, ochiq olovdan foydalanmang, binoni tark eting va tashqaridan gaz avariya xizmatiga xabar bering.
Kuz-qish mavsumi boshlanishidan oldin har bir xonadonda quyidagi ishlarni amalga oshirish muhim:
isitish moslamalarining texnik holatini tekshirtirish;
mo‘ri va dudburonlarni tozalash;
ventilyatsiya tizimlarining ishlashini ta’minlash;
gaz quvurlari va ulanish joylarini mutaxassislarga tekshirtirish;
is gazini aniqlovchi detektorlarni o‘rnatish;
barcha oila a’zolariga xavfsizlik qoidalarini tushuntirish.
Hurmatli yurtdoshlar!
Yong‘in, is gazi va gaz-havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish har birimizning kundalik mas’uliyatimizdir. Xavfsizlik qoidalariga beparvo bo‘lmang, nosoz isitish uskunalaridan foydalanmang va yaqinlaringiz hayotiga xavf tug‘dirmang.
Unutmang, favqulodda vaziyatlarning oldini olish ularning oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra osonroq va samaraliroqdir.
O‘ZINGIZNI VA YAQINLARINGIZNI ASRANG!
PASTDARG‘OM TUMANI FAVQULODDA VAZIYATLAR BO‘LIMI
