EHTIYOJMAND XOTIN-QIZLAR UCHUN SEMINAR VA MADANIY HORDIQ
2026-10-15 14:35:00 / Yangiliklar

EHTIYOJMAND XOTIN-QIZLAR UCHUN SEMINAR VA MADANIY HORDIQ
Xotin-qizlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash hamda oilalarga quvonch va umid ulashish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
15-oktabr -Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Livengiston” dam olish maskanida o'tkazilgan maxsus motivatsion seminar-trening ham bu boradagi amaliy ishlarning yaqqol namunasi hisoblanadi.
So‘lim go‘shada o‘tkazilgan seminar dasturi “Ayollar daftari”ga kiritilgan pastdarg‘omlik 100 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar uchun nafaqat maroqli hordiq, balki katta hayotiy tajriba va motivatsiya manbai bo‘ldi.
Seminar doirasida, tajribali psixologlar tomonidan o‘tkazilgan treninglarda xotin-qizlarga ruhiy tetiklikni oshirish, stress va hayotiy qiyinchiliklarni yengib o‘tish, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash bo‘yicha tushunchalar berildi.
Shuningdek, ayollarning daromad manbayiga ega bo‘lishi va mustaqil biznes boshlashi uchun zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalar, kichik biznesni yo‘lga qo‘yish hamda bandlikni ta’minlash imkoniyatlari atroflicha tushuntirildi.
Tadbirlar davomida xotin-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan batafsil javob olib, kelajakdagi rejalari uchun amaliy tavsiyalar to‘plashdi.
Tadbirning madaniy qismi ishtirokchilarga o‘zgacha quvonch va unutilmas taassurotlar ulashdi. Elimiz sevgan san’atkor Sharof Muqimov tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar davraga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
