Hurmatli Pastdarg‘om tumani aholisi va aziz mehmonlari !
2026-10-08 12:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli Pastdarg‘om tumani aholisi va aziz mehmonlari !
Tuman hududida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish
va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Natijada, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 5,8 foizga, qotillik
20 foizga, og‘ir tan jarohati yetkazish 25 foizga, yengil tan jarohati yetkazish 17,4 foizga, bosqinchilik 100 foizga, bezorilik 42,9 foizga, avto transport vositasini olib qochish 75 foizga hamda jami yo‘l-transport hodisalari
11,7 foizga kamayishiga erishilgan.
Shuningdek, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 50 foizga, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 24 foizga, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 36,8 foizga, guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 66,7 foizga hamda muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 53,3 foizga kamaygan.
Yoki, tumandagi 100 ta mahallalardan 73 tasida jinoyat sodir etilib, jami mahallalarning 10 tasi “qizil”, 50 tasi “sariq” hamda 40 tasi “yashil” toifada qoldi.
Biroq, amalga oshirilgan profilaktik chora tadbirlarga qaramasdan tuman hududida joriy yilning o‘tgan davri davomida sodir etilgan jami jinoyatlar 40 foizga, aniqlanadigan jinoyatlar 44,1 foizga, nomusga tegish
28,6 foizga, o‘g‘rilik 14,9 foizga, oilaviy zo‘ravonlik 12,5 foizga, talonchilik
200 foizga, firibgarlik 4,9 foizga, o‘rtacha og‘irlikda shikast yetkazish 42,1 foizga hamda o‘lim bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 23,1 foizga oshib, sodir qilingan jinoyatlar 100 ming aholiga nisbatan 167,4 tani tashkil qildi.
Bundan tashqari, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir qilingan jinoyatlar 447,2 foizga keskin oshib, bu turdagi jinoyatlarni sodir etilishida kundan-kunga yangi usullar qo‘llanilmoqda.
Shu sababli, hurmatli fuqarolar telegram, vatsap va boshqa internet tarmoqlari orqali turli ko‘rinishlarda, misol uchun “Osoni bilan daromad”, “yutuq”, “kredit rasmiylashtirish” kabi shubhali takliflarga ishonmang, taklifnoma, tabriknoma, mobil qurilma dasturi va shu kabi “.apk” formatida kelgan fayllarni zinhor ocha ko‘rmang.
Shuningdek, Sizni pullaringizni osongina ko‘paytirib berish haqidagi takliflar kelib tushganda, bilingki bu Sizning pul mablag‘laringizni o‘zlashtirish uchun qo‘yilgan tuzoqdir, zero hech kim Sizga biron bir harakatsiz pullaringizni ko‘paytirib bermaydi.
Bundan tashqari, Sizdan noma’lum shaxslarga shaxsiy ma’lumotlaringizni (bank kartasi raqami, SMS-kodlar, pasport ma’lumotlari) bermaslikni, internet orqali savdo va xizmatlardan foydalanganda faqat ishonchli manbalarni tanlashingizni hamda shubhali qo‘ng‘iroq yoki xabarlar kelib tushganda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingizni so‘rayman.
Hurmatli fuqarolar !!!
E’tiboringizni og‘riqli nuqtaga qaratmoqchiman.
Joriy yilning o‘tgan davrida tuman hududida o‘g‘rilik, firibgarlik hamda giyovandlik vositalari muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar keskin avj olib, jamiyatimiz xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.
Xususan, joriy yil boshidan bugungi kunga qadar jami 212 ta
o‘g‘rilik jinoyatlari ro‘yxatga olinib, jami o‘g‘rilik jinoyatlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 98,1 foizga oshgan.
Sodir qilingan o‘g‘rilik jinoyatlari tahlil qilinganida, 29 tasi xonadon o‘g‘riligi, 13 tasi savdo shaxobchalaridan, 24 tasi hayvon o‘g‘riligi, 3 tasi avtotransportdan o‘g‘rilik, 5 tasi kissavurlik, 5 tasi telefon o‘g‘riligi, 5 tasi velosiped o‘g‘riligi hamda 109 tasi axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir qilingan o‘g‘riliklarni tashkil etadi.
O‘g‘rilik jinoyatlari sabablari o‘rganilganida fuqarolarning uy-joyidagi moddiy qimmatliklar, uy-jihozlari ochiq holda saqlanishi, xonadonlar va savdo shaxobchalarini Qo‘riqlash xizmatiga texnik qo‘riqqa topshirish va video kuzatuv kameraliri o‘rnatish choralari ko‘rilmaganligi, chorva mollarini ochiq dala maydonlariga tashlab kelishini oldini olish choralari ko‘rilmaganligi, bu borada yetarlicha tushuntirish ishlari olib borilmaganligi oqibatida ushbu jinoyatlarning sodir qilinishiga sharoit yaratilganligi aniqlandi.
Negaki, hozirda tumanimiz fuqarolari o‘zining mol-mulklarini ya’ni, uy-hayvonlarini qarovsiz qoldirishi oqibatida o‘g‘rilik jinoyati ham ko‘payib bormoqda.
Shu sababli, o‘g‘riliklarning oldini olish uchun Sizdan uyingizni mustahkam qulf va zamonaviy xavfsizlik tizimlari bilan jihozlashni, uzoq muddatga safarga ketayotganda qo‘shnilaringizni xabardor qilishingizni, ijtimoiy tarmoqlarda uyda yo‘qligingizni oshkor etmasligingizni, noma’lum shaxslarni uyingizga kiritishda hushyor bo‘lishingizni, yashash joylaringizni Qo‘riqlash xizmatiga texnik qo‘riqlovga topshirish, videokuzatuv vositalari o‘rnatish hamda uy-hayvonlaringizni dalalarda qarovsiz qoldirmasliklaringizni so‘rayman.
Shu kabi, tumanimiz hududida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27,5 foizga ko‘payib, bu kabi jinoyatlar yoshlarimiz kelajagi, fuqarolarning sog‘ligi hamda jamiyatimiz farovonligiga jiddiy rahna bo‘lmoqda.
Shu bois, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish maqsadida giyohvandlik vositalarning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo qarshi turishni, farzandlaringizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular bilan doimiy muloqotda bo‘lish, shubhali shaxslar yoki holatlar haqida tegishli idoralarga xabar berish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishingizni barchangizdan so‘rayman.
Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish – nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi, balki har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Zero, har bir fuqaro ogoh va mas’uliyatli bo‘lsa, jamiyatimizda tinchlik va xavfsizlik ta’minlanadi.
Aziz hamtumanlar, tuman hududida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishda olib borilayotgan profilaktik ishlarga bee’tibor bo‘lmang, ushbu tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordamingizni ayamang, qonunlarga rioya qiling.
