XORIJIY INVESTORLARNING LOYIHALARI BO‘YICHA MUAMMO VA TAKLIFLAR O‘RGANILDI
2026-09-09 16:00:00 / Yangiliklar

XORIJIY INVESTORLARNING LOYIHALARI BO‘YICHA MUAMMO VA TAKLIFLAR O‘RGANILDI
Pastdarg‘om tumanida har haftaning chorshanba kuni anʼanaviy tarzda tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish va ularga yaqindan ko‘maklashish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Navbatdagi o‘rganishlar doirasida tuman hokimi J.Pardayev Kamolot mahallasi hududida amalga oshirilayotgan xorijiy investitsiya loyihalarining bugungi holatini ko‘zdan kechirdi.
Dastlab, "SMKS " MCHJning qiymati 10 million dollarlik ko‘mirni saqlash va saralash, monolit uylar, beton hamda beton mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Loyiha bo‘yicha hozirda ko‘mir ishlab chiqarish va saralash loyihasi ishga tushirilgan bo‘lib, yiliga 25 ming tonna ko‘mirni saralab, sotuvga chiqarish quvvatiga ega korxonada hozircha 15 nafar fuqarolarning bandligi taʼminlangan.
So‘ng “KENNO SPECIAL VEHICLES” MCHJ ning Kenno sanoat parkini tashkil etish, bunda, monolit va kapsulali uylar, eshik-romlar, chiqindini to‘plash hamda qayta ishlash, metall konstruksiyali uylar, yuk avtomashinalari uchun tirkamalar, yangi qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi faoliyati o‘rganildi.
Maʼlumot uchun, loyihaning to‘liq ishga tushishi natijasida, yiliga 2000 dona monolit uylar, 300 dona tirkamalar, 5000 metr kvadrat eshik va romlar, 1000 tonna plastik idishlar va 500 dona kapsula uylar ishlab chiqariladi hamda 200 nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Tuman hokimi har ikkala korxona vakillari va investorlar bilan suhbatlashib, loyihalarni to‘liq ishga tushirish, ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalarni berdi.
