YANGI QIYOFAGA KIRAYOTGAN XONCHORBOG‘
2026-09-09 12:00:00 / Yangiliklar

YANGI QIYOFAGA KIRAYOTGAN XONCHORBOG‘
Pastdarg‘om tumanida hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi mahalla dasturi asosida Xonchorbog‘ mahallasida ham qator o‘zgarishlar, ijobiy yangilanishlar va salmoqli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mahalla hududidagi qariyb 2,5 kilometr masofadagi ichki yo‘llarni asfaltlashtirish va piyodalarning xavfsiz qatnashini taʼminlash maqsadida 1 kilometrdan ortiq masofada yangi piyodalar yo‘lakchalari barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar qizg‘in tus olgan .
Shuningdek, aholining elektr energiyasidan uzluksiz foydalanishini taʼminlash va tarmoqlardagi yuklamani kamaytirish uchun 1 ta qo‘shimcha transformator hamda 200 donaga yaqin zamonaviy beton tayanch ustunlari o‘rnatilib, eskirgan tarmoqlar yangilanyapti.
Bundan tashqari, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida yangi suv tarmog‘i tortilib, zamonaviy suv inshooti barpo etilmoqda.
Shu kabi, aholining tomorqalarini sug‘orish tizimini yaxshilash bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilanib, hozirgi kunda 1 ta artezan qudug‘i qazib bitkazildi. Kelgusida ichki suv tarmoqlarini ham betonlashtirish ishlari rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar va keng ko‘lamli bunyodkorlik tadbirlari mahalla qiyofasini tubdan o‘zgartirib, eng asosiysi, xonchorbog‘liklarning turmush sifatini yaxshilashga, ularning kundalik hayotdan rozi bo‘lib yashashini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
