TEMIRYOL ATROFIDAGI HUDUDLAR QIYOFASI YANGILANADI
2026-07-17 16:00:00 / Yangiliklar

TEMIRYOL ATROFIDAGI HUDUDLAR QIYOFASI YANGILANADI
Kuni kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan magistral yo‘llar va temir yo‘l bo‘ylarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha aniq muddatlar belgilangan edi.
Unga ko‘ra, bir hafta muddatda xatlovni yakunlash, ikki hafta ichida esa hududlarni namunali qiyofaga keltirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur ishlab chiqish va amaliy natijaga erishish topshirig‘i berildi.
Ushbu muhim vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun erta tongdan viloyat hokimi A.Boboyev tuman hokimi J.Pardayev, prokuror, IIB boshlig‘i, viloyat va tuman hokimi o‘rinbosarlari hamda masʼul korxona tashkilot rahbarlari hamrohligida tumanimiz hududidan kesib o‘tgan 52 kilometr masofadagi temir yo‘l atrofini ko‘zdan kechirib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Bugunning o‘zida tumandagi barcha korxona-tashkilot rahbarlari hamda hududidan temir yo‘l kesib o‘tgan mahallalar “yettiligi” ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda temir yo‘l atroflarini tartibga keltirish, chiqindilardan tozalash va hududni obod qilish, bino va inshootlarning devorlarini oqlash, ta'mirlash, aholi xonadonlari va tadbirkorlik subyektlari atrofini tartibga keltirish bo‘yicha aniq vazifalar berilib, mazkur ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi taʼkidlandi.
Hududlarni namunali qiyofaga keltirish, aholi uchun qulay va ozoda muhit yaratish hamda temir yo‘l atrofini tartibga solish bo‘yicha ishlar qizg‘in davom etmoqda.
