TAJRIBA ALMASHISH BILAN YANGI IMKONIYATLAR SARI
2026-07-07 10:05:00 / Yangiliklar

TAJRIBA ALMASHISH BILAN YANGI IMKONIYATLAR SARI
Pastdarg‘om tumanida xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish hamda o‘zini-o‘zi band qilishga yo‘naltirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Eski Juma mahallasida yashovchi muvaffaqiyatli tadbirkor Dilafruz Mahmudovaning xonadonida o‘ziga xos tarzda o‘tkazilgan amaliy seminar ham aynan shu maqsadda tashkil etilib, unda tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar faollari va ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turuvchi, ayni damda band bo‘lmagan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Dastlab, moʻjaz tomorqasida gul yetishtirib daromad olgan Dilafruz opa mahalla maʼmuriyati orqali ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga o‘z biznesini sezilarli darajada kengaytirib, sunʼiy gullar yasash, turli tadbirlar uchun dekorativ xizmatlar ko‘rsatish va aholi uchun qulay bo‘lgan gilam yuvish xizmatini yo‘lga qo‘ydi.
Ushbu seminar shunchaki tanishuv emas, balki ishtirokchilar uchun motivatsiya manbai bo‘lib, tadbirda qatnashgan xotin-qizlar tadbirkorlik faoliyatini qanday yo‘lga qo‘yish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish va daromad topish sirlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
