JOUL QOSIM MFYDA MAHALLA INFRATUZILMASI TUBDAN YAXSHILANMOQDA
2026-07-01 14:15:00 / Yangiliklar

JOUL QOSIM MFYDA MAHALLA INFRATUZILMASI TUBDAN YAXSHILANMOQDA
Tumanimizdagi Joul Qosim mahallasida aholi turmush farovonligini oshirish va hudud infratuzilmasini yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan “Drayver” loyihalari doirasida muhim qadam tashlanib, hududda 470 million so‘m evaziga 2 ta yangi transformator o‘rnatildi va 5,5 kilometr masofadagi elektr tarmoqlari tortildi.
PQ-330-sonli qaror ijrosi doirasida esa, yana 7 kilometr yangi elektr tarmoqlari tortish, 4 ta qo‘shimcha transformator va 200 dan ortiq beton tayanch ustunlari o‘rnatish orqali tarmoq sifatini yana-da oshirish belgilangan bo‘lib, bu boradagi ishlar yakunlanish arafasida.
Hududda nafaqat elektr taʼminotini, balki yo‘l-transport infratuzilmasini ham rivojlantirish maqsad qilingan bo‘lib, yuqoridagi qaror ijrosi doirasida mahalla ichki yo‘llarining 2,6 kilometr qismiga asfalt qoplamasi yotqizildi.
Shu bilan birga, mahallada ichki ariq va suv tarmoqlarini betonlashtirish hamda aholi uchun qulay bo‘lgan zamonaviy piyodalar yo‘laklarini barpo etish borasida ham salmoqli ishlar bajarildi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi bunyodkorlik ishlari hudud qiyofasini tubdan o‘zgartirib, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga xizmat qilmoqda.
