EKSPORT HAJMINI OSHIRISH VA LOGISTIKA TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH YUZASIDAN VAZIFALAR BELGILANDI
2026-06-24 20:05:00 / Yangiliklar

EKSPORT HAJMINI OSHIRISH VA LOGISTIKA TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH YUZASIDAN VAZIFALAR BELGILANDI
Tuman hokimi J.Pardayev Kamolot mahallasida joylashgan “SAMARQAND AFROSIYOB CEMENT” MCHJ XKda bo‘lib, uning ish faoliyati bilan tanishish barobarida, korxona masʼullari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Maroqand temir yo‘l stansiyasi rahbari, mutasaddi tashkilotlar va korxona masʼullari ishtirok etgan muhokamada, sement mahsulotlarini tashqi bozorlarga uzluksiz yetkazib berish bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Yillik 560 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona hozirda yuqori markali portland sementi ishlab chiqarish va uni eksport qilish bo‘yicha hududda yetakchilardan sanalib, korxona tomonidan 2025-yilda xorijiy davlatlarga 1,7 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning bugungi kuniga qadar eksport hajmi 608 ming AQSH dollarini tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 273 foizga oshirildi.
Ayni paytda korxonada 180 nafardan ortiq ishchi-xodimlar mehnat qilib, aholi bandligini taʼminlash va hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Uchrashuv davomida eksport mahsulotlarini xorijiy hamkorlarga belgilangan muddatlarda yetkazib berish maqsadida temir yo‘l orqali yuk tashish jarayonlarini samarali tashkil etish, xususan, zarur miqdorda vagonlar ajratish masalalari muhokama qilindi.
Muhokama yakunida tuman hokimi eksport hajmini yanada oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi va logistika tizimini takomillashtirish borasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
