❄️ OLTINSOYDA KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK: MUAMMOLAR, VAZIFALAR VA IJRO NAZORATI MUHOKAMA QILINDI
2026-11-02 18:05:00 / Yangiliklar

❄️ OLTINSOYDA KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK: MUAMMOLAR, VAZIFALAR VA IJRO NAZORATI MUHOKAMA QILINDI
Oltinsoy tumanida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda ijtimoiy soha obyektlari va infratuzilma tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi shtab yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda tuman hokimi Otabek Mavlyanov, tuman prokurori Ravshan Turdiyev hamda tuman IIB boshlig‘i Shavkat Normurodov ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, ijtimoiy obyektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minotining barqarorligi, yo‘l va kommunal infratuzilma bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Tuman hokimi Otabek Mavlyanov mas’ul tashkilotlar rahbarlariga mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldindan aniqlash, mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va har bir yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Shuningdek, tuman prokurori va IIB boshlig‘i tomonidan mas’ul idoralarning qonuniy talablar va belgilangan vazifalar ijrosiga mas’uliyat bilan yondashishi, jamoat xavfsizligi hamda aholi osoyishtaligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilib, ularning ijrosini tizimli nazorat qilish belgilandi.
Asosiy maqsad — kuz-qish mavsumini muammosiz o‘tkazish, aholi xonadonlarida iliqlik, hududlarda barqarorlik va ijtimoiy obyektlarda uzluksiz faoliyatni ta’minlash.
#Oltinsoy
#KuzQishMavsumi
#ShtabYigilishi
#ObodVaFarovonHayot
Oltinsoy tumani hokimligi Axborot xizmati
📱telegram🌎oltinsoy.uz|📱Facebook|📱Youtube |📱Instagram









