NUROBODDA KIBERMADANIYATNI YUKSALTIRISH BO‘YICHA TARG‘IBOT TADBIRI O‘TKAZILDI
2026-11-10 21:10:00 / Yangiliklar

Bugun Nurobod tumani hokimligida viloyat Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sh.Majidov, tuman hokimi o‘rinbosari A.Ziyatov, tumandagi korxona va tashkilotlar mas’ullari, tuman ichki ishlar xodimlari hamda faollar ishtirokida kibermadaniyatni yuksaltirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PQ-153-sonli qarori ijrosi doirasida viloyatda 1–30-noyabr kunlari o‘tkazilayotgan "Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi" doirasida tashkil etildi.
Unda bugungi kunda keng tarqalib borayotgan kiberjinoyatlar, internet firibgarligi, bank plastik kartalari va shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish, soxta havolalar orqali fuqarolarni aldash kabi holatlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda hushyorlikni oshirish, noma’lum havolalarga kirmaslik, SMS orqali keladigan tasdiqlash kodlari va bank karta ma’lumotlarini begonalarga bermaslik, shubhali qo‘ng‘iroq va xabarlarga ishonmaslik yuzasidan zarur tavsiyalar bildirildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berilib, kiberjinoyatlarning oldini olishda har bir fuqaroning ogohligi va raqamli xavfsizlik qoidalariga amal qilishi muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Unutmang: internetdagi birgina ehtiyotsizlik moliyaviy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Raqamli dunyoda hushyorlik – xavfsizlik garovidir!
