Yoshlar taqdiri — e’tiborda: muammolar xonadonma-xonadon o‘rganilmoqda
2026-08-13 20:05:00 / Yangiliklar

Bugun Nurobod tumani hokimi Maxsud Buranov tomonidan mahallalarda o‘ziga biriktirilgan, otaliqqa olingan og‘ir toifadagi yoshlar holidan xabar olish, ularning muammolarini joyida o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida xonadonma-xonadon o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganishlar davomida tuman rahbari har bir yosh bilan alohida suhbatlashib, ularning yashash sharoiti, oilaviy muhiti, bandligi, daromad manbai, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi hamda kelgusidagi maqsad va rejalarini yaqindan o‘rgandi.
Aniqlangan muammolar yuzasidan mas’ul tashkilot va idoralar rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, yoshlarni ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘maklashish, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, uy-joy va boshqa masalalarni hal etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilandi.
Muloqotlarda yoshlarning hayotdagi maqsadlari va intilishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ularga bilim va kasb egallash, halol mehnat orqali barqaror daromad topish, tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish hamda davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tuman rahbari har bir yoshning taqdiri e’tibordan chetda qolmasligi, muammolarni joyiga chiqib o‘rganish va ularni tizimli hal etish bundan buyon ham ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Shuningdek, yoshlarning oila a’zolari bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularning tarbiyasi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlashda ota-onalar hamda mahalla faollarining mas’uliyati yuzasidan tavsiyalar berildi.
Nurobodda bu boradagi ishlar “har bir yosh — e’tiborda, har bir muammo — yechimda” tamoyili asosida ishlar izchil davom ettirilmoqda.
