Ochiq muloqot — tadbirkorlar muammolarini hal etishning samarali maydoni
2026-07-23 17:15:00 / Yangiliklar

Bugun Nurobod tumani hokimi Maxsud Buranov hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatidagi shoʻbasi yetakchi inspektori A.Ibragimov ishtirokida tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlarning faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda biznes yuritish uchun yanada qulay muhit yaratishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar yer ajratish, infratuzilma, elektr energiyasi, gaz va suv ta’minoti, kredit mablag‘laridan foydalanish, soliq va ruxsat berish tartiblari, ishlab chiqarishni kengaytirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
Har bir murojaat atroflicha ko‘rib chiqilib, ularni hal etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar ijroga olinib, ularning yechimi yuzasidan mas’ullar biriktirildi.
Muloqotda tadbirkorlikni rivojlantirish, investorlar uchun yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Yakunda tadbirkorlar bilan bunday ochiq muloqotlarni muntazam tashkil etish, ularning muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etish va biznes tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Tadbirkor rivojlansa — iqtisodiyot yuksaladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi va hudud taraqqiyoti yanada jadallashadi.
