Nurobodda pista plantatsiyalari barpo etish ishlari o‘rganildi
2026-07-23 14:15:00 / Yangiliklar

Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i S.Sharipov hamda soha mutasaddilari ishtirokida tumanda tashkil etilayotgan pista plantatsiyalari maydonlarida o‘rganish ishlari olib borildi.
Mas’ullar tomonidan bahor mavsumida barpo etilgan pista plantatsiyalarida ko‘chatlarning unuvchanligi, agrotexnik tadbirlarning bajarilishi hamda kuzgi mavsumda amalga oshiriladigan ekish ishlari uchun yerlarni tayyorlash jarayonlari joyida ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar davomida mutasaddilarga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, ko‘chatlarni sifatli parvarishlash va agrotexnik talablar asosida ishlarni jadallashtirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Ma’lumot uchun, Nurobod tumanida degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, ulardan samarali foydalanish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida yirik pista plantatsiyalarini barpo etish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, 2026–2036-yillar davomida tumanda jami 50 ming gektar maydonda pista plantatsiyalari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Joriy yilda esa 5 ming gektar maydonda intensiv pista plantatsiyalari barpo etish, zamonaviy sug‘orish infratuzilmasini yaratish va ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, bahor mavsumida tumanda 542 gektar maydonda, shundan 252 gektar yerga ko‘chatdan va 290 gektar maydonga urug‘dan pista ekildi. Hozirda kuzgi ekish mavsumi uchun yerlarni agrotexnik talablar asosida tayyorlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur loyiha nafaqat degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, balki ekologik barqarorlikni mustahkamlash, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
