Yosh tadbirkorlar bilan uchrashuv: tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda
2026-07-23 14:55:00 / Yangiliklar

Bugun Nurobod tumani hokimi Maxsud Buranov yosh tadbirkorlar hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tumanda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda bandlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida yosh tadbirkorlar o‘z faoliyatini yanada kengaytirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida yuzaga kelayotgan muammolar hamda takliflarini bevosita tuman hokimiga yetkazish imkoniga ega bo‘ldi. Har bir murojaat yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatilib, ularni qisqa muddatlarda hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, tadbirkorlarga davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanish, zamonaviy biznes loyihalarini yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda eksport salohiyatini oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Nurobod tumanida yosh tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish va biznes muhitini yanada yaxshilash ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi. Bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlarning muammolarini joyida hal etish va ularning faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
