Nurobodlik yosh shaxmatchi Respublika yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
2026-06-20 14:20:00 / Yangiliklar

Samarqand shahrida "Besh tashabbus olimpiadasi" sport musobaqalarining shaxmat turi bo‘yicha viloyat bosqichi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada viloyatning barcha tuman va shaharlaridan 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan eng iqtidorli shaxmatchilar g‘oliblik uchun aql, mahorat va matonat sinovidan o‘tishdi. Har bir dona ortida katta mas'uliyat, har bir yurishda esa g‘alabaga bo‘lgan ishonch mujassam edi.
Quvonarlisi, murosasiz va qizg‘in bahslar yakunida ayol-qizlar o‘rtasida Nurobod tumani Ulus mahallasidan ishtirok etgan 16 yoshli Jasmina Elamonova faxrli 3-o‘rinni egallab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Mazkur muvaffaqiyat Jasminaga musobaqaning Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini ham taqdim etdi. Bu nafaqat yosh shaxmatchining, balki butun Nurobod tumani sporti uchun muhim yutuqdir.
Ushbu natijaning ortida yosh iste'dodning tinimsiz mehnati bilan bir qatorda uning murabbiyi Yunus Ismailovning fidokorona mehnati, boy tajribasi va shogirdlariga bo‘lgan yuksak e'tibori mujassam. Murabbiy Yunus Ismailov yillar davomida ko‘plab yosh shaxmatchilarni tarbiyalab, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish va yirik musobaqalarda munosib ishtirok etishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Jasminaning bugungi muvaffaqiyati ham ustoz va shogirdning birgalikdagi mehnati samarasidir.
Yosh shaxmatchimiz Jasmina Elamonovani hamda uning murabbiyi Yunus Ismailovni ushbu yutuq bilan samimiy tabriklaymiz.
J.Elamonova Respublika bosqichida ham Nurobod tumani sharafini munosib himoya qilib, yuksak marralarni zabt etsin. Barchamiz Jasminaning chempionlik sari odimlariga muxlislik qilamiz va unga ulkan zafarlar tilaymiz!
