Nurobodda “Ayollar daftari”ning 7-bosqichi ijrosi muhokama qilindi: xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash ustuvor vazifa
2026-06-19 18:10:00 / Yangiliklar

Nurobod tumanida “Ayollar daftari”ning 7-bosqichi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini manzilli hal etish masalalariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilish Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan islohotlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida tashkil etildi.
Yig‘ilishda Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi U.Muxamedov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Saidova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyati kengashi mas'ullari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, mahallalardagi mas’ullar hamda shtab a’zolari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish davomida “Ayollar daftari”ning 7-bosqichi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar batafsil tahlil qilinib, hududlarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga manzilli yordam ko‘rsatish borasida erishilgan natijalar va mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, har bir mahalladagi ehtiyojmand xotin-qizlar bilan "xonadonbay" ishlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun amaliy ko‘mak berish hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlanganidek, “Ayollar daftari” faqatgina muammolarni ro‘yxatga olish emas, balki har bir murojaat ortida turgan inson taqdiri, uning orzu-intilishlari va ertangi kuniga befarq bo‘lmaslik tamoyili asosida ishlaydigan samarali tizimdir. Shu bois har bir mas’ul zimmasiga yuklatilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashishi, har bir murojaatning ijobiy yechim topishiga alohida e’tibor qaratishi zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning muammolarini chuqur o‘rganish, ularni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka yo‘naltirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, daromadli mehnat bilan ta’minlash hamda barcha murojaatlarni manzilli va o‘z vaqtida hal etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Nurobod tumanida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi tizimli ishlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi. Zero, ayol qadrlangan, uning manfaatlari ta’minlangan jamiyatda taraqqiyot, farovonlik va barqarorlik yanada mustahkam bo‘ladi.
