Nurobodda “Eng yaxshi kitobxon – 2026” tanlovining 20–30 yosh toifasi g‘oliblari aniqlandi
2026-06-18 18:20:00 / Yangiliklar
Avval xabar berganimizdek, Nurobod tumani hokimligi tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaa orqali ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida umumiy sovrin jamg‘armasi 100 million so‘mni tashkil etuvchi “Eng yaxshi kitobxon – 2026” ko‘rik-tanlovi yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
Bugun tanlovning 20–30 yosh toifasi ishtirokchilari o‘rtasida qizg‘in va murosasiz bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda tumanning turli mahallalarida istiqomat qilayotgan, kitob mutolaasiga mehr qo‘ygan, bilim va tafakkurini muntazam oshirib borayotgan yoshlar o‘zaro kuch sinashdilar.
Tanlov nizomiga muvofiq ishtirokchilar uchta asosiy shart bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdilar. Jumladan:
📚 “Badiiy asarlar bilimdoni” shartida tavsiya etilgan badiiy adabiyotlar yuzasidan chuqur bilimlari sinovdan o‘tkazildi;
📝 “Test sinovi” bosqichida adabiyot, tarix, ma’naviyat va umumiy dunyoqarashga oid savollar orqali ishtirokchilarning nazariy bilimlari baholandi;
⚡️ “Tezkor savol-javob” shartida esa ularning mantiqiy fikrlashi, hozirjavobligi va qisqa vaqt ichida to‘g‘ri xulosa chiqarish qobiliyati sinovdan o‘tkazildi.
Har bir yosh toifasi uchun tavsiya etilgan 20 ta badiiy asar yuzasidan puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, ishtirokchilarning kitoblarni chuqur mutolaa qilgani tanlovning mazmunli, qiziqarli va raqobat ruhida o‘tishini ta’minladi.
Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning badiiy asarlar mazmunini tahlil qilish, muallif g‘oyasini anglash, fikrni asoslab bera olish, mantiqiy mushohada yuritish, nutq madaniyati hamda tezkor javob berish ko‘nikmalari xolisona va shaffof mezonlar asosida baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
🥇 1-o‘rin — Amir Temur mahallasi vakili Ovg‘onov Oybek barcha uchta shart bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etib, mutlaq g‘olib deb topildi.
🥈 2-o‘rin — Mash'al mahallasi vakili Bahriddinov Javoxirga nasib etdi.
🥉 3-o‘rin — Jom mahallasi vakili Quvonov Azizbek munosib egalladi.
Tanlov nizomiga muvofiq g‘oliblar 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanali gala-konsert dasturida Nurobod tumani hokimligi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
🏆 Sovrinlar quyidagicha belgilangan:
🥇 1-o‘rin — zamonaviy kompyuter jamlanmasi;
🥈 2-o‘rin — 65 dyuymli zamonaviy televizor;
🥉 3-o‘rin — zamonaviy noutbuk.
Mazkur tanlov nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki yoshlar orasida kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish, kitobni hayotiy ehtiyoj darajasiga olib chiqish, ularning mustaqil fikrlashi, keng dunyoqarashi va intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Nurobod tumanida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ilm-fan, adabiyot va ma’rifatga keng jalb etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. “Eng yaxshi kitobxon – 2026” tanlovi ana shunday ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasi bo‘lib, kitobsevar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va iste’dodini rag‘batlantirish, kelajakda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalash yo‘lidagi muhim loyihalardan biri hisoblanadi.
Kitob mutolaa qilgan yosh — tafakkuri teran, dunyoqarashi keng va Vatan taraqqiyoti uchun mas’uliyatni chuqur his etadigan barkamol shaxsdir.
