ELEKTRON TARZDA APOSTIL QO‘YISH TARTIBI
2026-10-14 09:30:00 / Yangiliklar

Murojaat etuvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib yoki YIDXP orqali elektron tarzda murojaat qiladi. So‘rovnomaga xorijiy davlat — Konvensiya qatnashchisi hududida foydalaniladigan rasmiy hujjat yoki rasmiy bo‘lmagan hujjatning notarial tasdiqlangan nusxasi ilova qilinadi.
So‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi. YIDXP orqali muvaffaqiyatli avtorizatsiyadan o‘tish so‘rovnoma murojaat etuvchining o‘zi tomonidan yuborilganligini tasdiqlaydi.
Davlat xizmatlari markazi xodimi hujjatlarni skaner qilib, 10 daqiqa mobaynida PDF shaklida vakolatli davlat organiga elektron tizim orqali yuboradi.
Yig‘im va ko‘rib chiqish muddati
So‘rovnomani ko‘rib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa ushbu summaning 90 foizi undiriladi.
Apostil qo‘yilgan hujjatlar to‘plami mavjud bo‘lsa, yig‘im har bir hujjat uchun alohida emas, balki butun to‘plam uchun undiriladi.
Pedagoglar hamda davlat tibbiyot muassasalarida tibbiyot va farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi shaxslardan belgilangan yig‘imning 50 foizi undiriladi.
So‘rovnoma rasmiy hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Qo‘shimcha tekshiruv zarur bo‘lgan hollarda muddat 10 ish kunidan oshmasligi kerak.
Apostil qo‘yish rad etiladigan holatlar
Hujjatda zarur rekvizitlar mavjud bo‘lmasa, imzo, muhr yoki shtampning haqiqiyligi tasdiqlanmasa yoxud hujjatni imzolagan mansabdor shaxs tegishli vakolatga ega bo‘lmasa, apostil qo‘yish rad etiladi.
Rad etilgan taqdirda murojaat etuvchiga sabablar ko‘rsatilgan bildirishnoma yuboriladi va kamchiliklarni bartaraf etib, 30 kalendar kun ichida hujjatlarni qayta taqdim etish mumkin. Bunda qayta ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.
Apostillangan hujjatni olish
Apostil qo‘yilgach, elektron hujjat Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali murojaat etuvchiga yuboriladi.
Davlat xizmatlari markazi hujjat kelib tushganidan so‘ng 10 daqiqa mobaynida uni murojaat etuvchining elektron manziliga yuboradi va bu haqda xabardor qiladi.
Murojaat etuvchining so‘roviga ko‘ra, apostil qo‘yilgan hujjat elektron shaklda ma’lumot saqlash manbaiga ko‘chirib berilishi mumkin.
Norin tuman adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi
sho‘ba boshlig‘i: N.Kosimov
