TABIIY GAZ TARMOG‘IGA ULANMAGAN XONADONLARNI MAISHIY GAZ BALLONLARI BILAN TA’MINLASH TARTIBI
2026-07-24 18:15:00 / Yangiliklar

Kimlar davlat xizmatidan foydalanishi mumkin?
Davlat xizmatidan tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslar foydalanish huquqiga ega. Xizmat vakolatli operator tomonidan Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali ko‘rsatiladi.
Qanday murojaat qilinadi?
Fuqaro Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilishi yoki YIDXP orqali elektron tarzda ariza yuborishi mumkin. Ariza asosida so‘rovnoma to‘ldiriladi va undagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun ariza beruvchi javobgar hisoblanadi. Mazkur davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi.
Ariza qanday ko‘rib chiqiladi?
Ariza qabul qilingach, u bir ish soati ichida vakolatli operatorga yuboriladi. Vakolatli operator:
- ariza kelib tushgan kuni ma’lumotlarni “E-gaz” tizimiga kiritadi;
- bir ish kuni ichida taqdim etilgan ma’lumotlarni tekshiradi;
- uch ish kuni davomida xonadonga chiqib o‘rganish o‘tkazadi, dalolatnoma rasmiylashtiradi hamda gazlashtirish eskizini ishlab chiqadi.
Agar o‘rganish natijalari ijobiy bo‘lsa, fuqaro bilan tegishli shartnomalar tuziladi. Shundan so‘ng fuqaro “Face ID” orqali hisobvaraq bilan ta’minlanadi va unga bir dona maishiy gaz balloni o‘n ish kuni ichida bepul yetkazib beriladi. Tuzilgan shartnomalar elektron shaklda fuqaroning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Qaysi hollarda xizmat rad etiladi?
Davlat xizmatini ko‘rsatish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
- so‘rovnoma to‘liq to‘ldirilmagan bo‘lsa;
- taqdim etilgan ma’lumotlar tasdiqlanmasa;
- xonadonga avval maishiy gaz balloni berilgan bo‘lib, qo‘shimcha ballon so‘ralgan bo‘lsa;
- gaz plitasi mavjud bo‘lmasa yoki oshxona belgilangan texnik talablarga javob bermasa.
Bir xonadonda bir nechta oila yashasa-chi?
Reglamentga ko‘ra, bitta kadastr raqamiga ega xonadonda ikki yoki undan ortiq oila yashayotgan bo‘lsa ham, alohida yoki umumiy oshxona hamda gaz plitasi texnik talablarga javob bersa, joyida o‘tkazilgan o‘rganish dalolatnomasi asosida har bir oilaga alohida bittadan maishiy gaz balloni ajratilishi mumkin.
Gaz balloni qachon almashtiriladi?
Maishiy gaz balloni eskirganda, foydalanishga yaroqsiz holga kelganda yoki yo‘qotilganda almashtiriladi. Ballon yo‘qotilgan taqdirda uning qiymati yetkazib beruvchi tashkilotning oxirgi kirim narxi bo‘yicha undiriladi.
Fuqarolarning huquqlari
Agar maishiy gaz balloni berilishi asossiz rad etilsa yoki vakolatli operator xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) kuzatilsa, fuqaro amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Mazkur tartib tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan hududlarda yashovchi aholini maishiy gaz ballonlari bilan shaffof, qulay va tezkor tartibda ta’minlash, davlat xizmatlari sifatini oshirish hamda xizmatlarni raqamlashtirishga xizmat qiladi.
Norin tuman adliya bo‘limi sho‘ba boshlig‘i: Kosimov Nuriddin
