Janni Infantino "Olimpiya shaharchasi" va Milliy futbol markazi faoliyati bilan tanishdi
2025-09-09 10:25:00 / Yangiliklar

Delegatsiya a’zolari kun davomida "Olimpiya shaharchasi" va Yuqori Chirchiqdagi Milliy futbol markazi faoliyati bilan tanishdi.
Martabali mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamrohlik qildi.
2022 yil 9 noyabrda qurilishi boshlangan "Olimpiya shaharchasi" yurtimizdagi eng yirik sport majmualaridan biri bo‘lib, 100 gektardan ortiq maydonda qad rostlagan. Unda bir nechta sport turlari uchun mo‘ljallangan zamonaviy, ko‘p funksiyali inshootlar barpo etilgan. Majmua xalqaro mezonlarga to‘liq javob berishi, arxitektura jihatidan mukammalligi, energiya tejamkorligi hamda zamonaviy innovatsion yechimlari bilan alohida ahamiyatga ega.
Janni Infantino "Olimpiya shaharchasi"ga ham yuksak baho berdi. U O‘zbekistonda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan zamonaviy sport sharoitlari va yoshlar uchun imkoniyatlarni e’tirof etdi.
Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari Yuqori Chirchiqdagi Milliy futbol markaziga tashrif buyurdi.
Ma’lumki, ikki yil avval Janni Infantino mazkur hududga tashrif buyurib, markaz qurilishiga ramziy g‘isht qo‘ygan edi. Bugungi kunda markaz to‘liq ishga tushirilib, bir vaqtning o‘zida bir nechta terma jamoa mashg‘ulot o‘tkazishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Zamonaviy stadionlar, sport zallari, o‘quv binolari va mehmonxona futbolchilar ixtiyorida.
Shuningdek, sport tibbiyoti markazi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, futbolchilarning jarohatlardan keyin qisqa fursatda tiklanishi uchun reabilitatsiya bo‘limlari, basseyn va mashg‘ulot zallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Delegatsiya a’zolari futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, VAR tizimi, terma jamoalar tayyorgarlik maydoni hamda Respublika futbol akademiyasi bilan tanishdi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, Janni Infantino O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bilan uchrashib, ularni Jahon chempionati yo‘llanmasi bilan tabrikladi.
Eslatib o‘tamiz, Janni Infantino boshchiligidagi delegatsiya “CAFA Nations Cup – 2025” musobaqasining O‘zbekiston va Eron terma jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvini stadiondan tomosha qilishni rejalashtirgan.


