Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi
2023-02-14 / Voqealar taqvimi

Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda ma’lum va mashhurdir. Uning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega.
Mustaqillik davrida Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning asarlarini yurtimiz va xorijiy davlatlarda targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, shoir tug‘ilgan kun – 14 fevral sanasi har yili mamlakatimiz bo‘ylab adabiyot va ilm-ma’rifat bayrami sifatida nishonlanmoqda. Boburshunoslik sohasida ko‘plab tadqiqotlar, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Keyingi yillarda Toshkent va Andijon shaharlarida Bobur Mirzoning muazzam haykallari o‘rnatilgani, uning tug‘ilib o‘sgan yurti – Andijon shahrida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi va uning tasarrufidagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyi faoliyat ko‘rsatayotgani, “Bobur ensiklopediyasi”, “Bobur kulliyoti”, “Babur. Baburidi. Bibliografiya” deb nomlangan salmoqli asarlarning nashrdan chiqarilgani, “Bobur va dunyo” jurnalining tashkil qilingani madaniy hayotimizda katta voqea sifatida e’tirof etildi.
Jonajon Vatanimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga – Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Bobur Mirzoning bebaho merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.