Sport vaziri Adkham Ikramov WADA vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi
2025-09-05 09:20:00 / Yangiliklar

WADA vakillari O‘zbekistonda antidoping sohasidagi qonunchilikning amalga oshirilishi holatini o‘rganish maqsadida Hukumat vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Bugun WADA departament direktori o‘rinbosari E.Simonelli, Osiyo-Okeaniya mintaqasi vakili S.Perumall, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adkham Ikramov hamda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sadikov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida Sport vaziri mamlakatimizda barcha sohalar qatori sport va antidoping yo‘nalishlari ham jadal rivojlanib borayotgani, ushbu yo‘nalishga hukumat darajasida alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, WADA vakillari o‘zbekistonlik sportchilar so‘ngi yillarda xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishib, jahon sport maydonida o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotganini qayd etdi. Shuningdek, dopingga qarshi kurashish sohasida ham sezilarli o‘sish kuzatilayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv doirasida dopingga qarshi kurash bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.


