Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik sammitiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi
2025-08-06 07:45:00 / Yangiliklar

Unda O'zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Qozog'iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev, Tojikiston Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasi raisi Bahodur Sheralizoda, shuningdek, BMTning Qozog'istondagi doimiy koordinatori Sarango Radnaragcha, BMT Barqaror energetika qo'mitasi direktori Dario Ligutti, BMTTDning Qozog'istondagi doimiy vakili Katarjina Vavyernya ishtirok etdi.
Uchrashuvda 2026-yilda Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik sammitiga (MES–2026) tayyorgarlik ko‘rish, sammit konsepsiyasini tasdiqlash hamda Kaspiy dengizi suyulishi, Orol dengizi yo‘qolishi va muzliklar erishi kabi Markaziy Osiyodagi dolzarb ekologik va iqlim muammolariga qarshi birgalikda yondashuv ishlab chiqish masalalariga e'tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov ekologik muammolar transchegaraviy xarakterga ega bo‘lib, hech bir mamlakat muammolarni yolg‘iz hal hal qila olmasligini ta'kidladi.
"O‘zbekiston sa’y-harakatlarni birlashtirish, birgalikda yechimlar ishlab chiqish va barqaror institutsional hamkorlik mexanizmlarini yaratish zarurligini qat’iy ilgari suradi. Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi — bu muammolarni imkoniyatlarga aylantirish, ya’ni resurslarni tejaydigan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tish orqali ekologik barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdir, — dedi A. Abduhakimov. — Bu borada O‘zbekistonda ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot" yili” deb e’lon qilindi. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida iqtisodiyotni ekologik barqarorlik bilan uyg‘unlashtirish va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan Davlat dasturi tasdiqlandi".
Vazir, shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — "Green University" haqida ma'lumot berdi. U mazkur oliy ta'lim muassasasi faoliyati atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish va iqlim o'zgarishi yo'nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilganligini ta'kidladi.
A.Abduhakimov Qozog‘istonning Mintaqaviy ekologik sammitni o‘tkazish tashabbusini yuqori baholadi.
"Markaziy Osiyoda barqaror ekologik va iqlim kun tartibini shakllantirish mintaqa barqarorligi, xavfsizligi va taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq. Oldimizda keng ko‘lamli vazifalar turibdi: iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish, ularga moslashish va yangi, barqaror “yashil” o‘sish modeliga o‘tish. Shu jihatdan sammit nafaqat muhokama maydoni, balki mintaqamizning tabiiy salohiyatini tiklash va muhofaza qilishga qaratilgan aniq tashabbuslarni ishga tushiruvchi mexanizmga aylanishiga ishonamiz. O‘zbekiston sammitga tayyorgarlik ko‘rishda faol ishtirok etishga, mazmunli kun tartibini shakllantirishga hissa qo‘shishga va barcha hamkorlar bilan ochiq, konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyor", — dedi vazir.
Tadbirda ekologik va barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Markaziy Osiyoning ekologik birdamligi” deklaratsiyasi loyihasi muhokama qilindi. Qolaversa, "yashil" texnologiyalar va iqlim innovatsiyalarini rivojlantirish, iqlim o'zgarishiga moslashishni kuchaytirish, ekologik diplomatiyani rivojlantirish, fan va siyosatni uyg‘unlashtirish hamda MES–2026 uchun mintaqaviy siyosiy va amaliy mandatni shakllantirish ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Uchrashuv yakunida 2026-yil aprel oyida Ostonada bo'lib o'tadigan Hududiy ekologik sammitga tayyorgarlik jarayonlarini jadallashtirish borasida kelishib olindi.

