Pekinda 12-Butunjahon tezyurar temir yo‘l kongressi ish boshladi
2025-07-10 09:00:00 / Yangiliklar

Pekin milliy ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tayotgan kongress tezyurar temir yo‘l sohasidagi yutuqlarni namoyish etish, texnologiya almashish va xalqaro sanoat hamkorligini rivojlantirish hamda mustahkamlash uchun o‘ziga xos global platformadir. Tadbir ochilish marosimida 60 dan ortiq mamlakatlar va xalqaro tashkilotlardan 2 000 dan ziyod ishtirokchilar qatnashdi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida transport vaziri Ilhom Maxkamov so‘zga chiqib, O‘zbekistonda temir yo‘l sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatimizda yuqori tezlikdagi temir yo‘llarni rivojlantirishning asosiy istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, tadbirning ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Chjan Gotsin, Xitoy transport vaziri Lyu Vey, Xalqaro temir yo‘llar ittifoqi (UIC) raisi Alan Beroud, Xitoy davlat temir yo‘l korporatsiyasi prezidenti Sun Syude ham so‘zga chiqdi.
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Chjan Gotsin o‘z nutqida Xitoy boshqa davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini ikki tomonlama va ko‘p tomonlama temir yo‘l kooperatsiyasi orqali yanada rivojlantirishga tayyorligini ma’lum qildi. Shuningdek, sohada texnologiyalar almashinuvini yanada faollashtirish muhimligini ta’kidladi.
U Xitoy tezyurar temir yo‘llarni qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘z tajribasini boshqa davlatlar bilan baham ko‘rishga hamda temir yo‘l sohasida ilg‘or texnologiyalarni keng qo‘llashga birgalikda ko‘maklashishga tayyor ekanligini bildirdi.
Kongress ishida yuqori darajadagi hukumat vakillari, diplomatlar, korporatsiyalar rahbarlari va yetakchi ekspertlar yuqori tezlikdagi temir yo‘lni kelgusida rivojlantirish va ushbu sohadagi innovatsiyalarga oid asosiy masalalarni, sanoatning barqaror va sifatli o‘sishiga ko‘maklashish bilan bog‘liq jihatlarni muhokama etishmoqda.
