TİKA bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘llari muhokama qilindi
2024-02-26 17:35:00 / Yangiliklar

Unda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev, Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Muxtor Shonazarov hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuvning maqsadi mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va iqtisodiyot, ijtimoiy soha va tadbirkorlik sohasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish bo‘ldi.
Muhokama avvalida janob Serkan Kayalar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, TİKA ushbu jarayonlarda faol ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi. Ta’kidlanishicha, TIKA O‘zbekistonning rivojlanishini katta qiziqish bilan kuzatib boradi va uni mintaqadagi asosiy sherik deb hisoblaydi.
Ma’lumot uchun: Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) (tur. Turk Ishbirliği ve Koordinasyon Ajansı Başkanlığı) Turkiya vitse-prezidenti departamentining bo‘linmasi hisoblanadi. TİKA Turkiyaning rivojlanayotgan mamlakatlarning taraqqiyot sohasidagi rasmiy yordamining asosiy qismini tashkillashtirish uchun javob beradi, bunda ayniqsa turkiy mamlakatlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Muzokara davomida ta’lim sohasidi tashabbuslari bilan bog‘liq masalalar, jumladan, hokim yordamchilari uchun malaka oshirish kurslari muhokama qilindi.
Uchrashuvning muhim jihati O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish rejalarini muhokama qilish bo‘ldi. Buxoro, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida maslahat xizmatlari muvaffaqiyatli ishga tushirilgandan so‘ng ushbu tashabbusni sezilarli darajada kengaytirish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Strategiya butun mamlakat bo‘ylab 100 tagacha tadbirkorlik bo‘yicha maslahat ofislarini yo‘lga qo‘yishni o‘z ichiga oladi. Ushbu qadam hududlarning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, tadbirkorlarga zarur resurslar va axborotdan foydalanish imkoniyatini berish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, suv resurslarini boshqarish sohasida hamkorlikni kengaytirish va Xorazm viloyatida “eco-friendly” turar joy majmualarini qurishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash muhokama qilindi.
Yakunda tomonlar ikki mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va ijtimoiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga o‘zaro qiziqishlarini ta’kidladilar.

