O‘zbekiston–Malayziya biznes forumi bo‘lib o‘tdi
2025-06-25 10:25:00 / Yangiliklar

Tadbirni ochilish marosimida Malayziya – O‘zbekiston biznes kengashi (MUBA) prezidenti Dato Sri King Lim, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari –Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Malayziya delegatsiyasi nomidan Bosh vazir o‘rinbosari – Energetika va suv transformatsiyasi vaziri Fadilloh bin Yusuf nutq so‘zladilar.
Tadbirda ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarning istiqbollari, mamlakatdagi ochiq va investorlarga qulay muhit hamda yaratilayotgan sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, tomonlar energetika, savdo, sanoat, infratuzilma va xizmatlar sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarida fikr almashdi.
Tadbirning asosiy qismida bir qator vazirlik va idoralar mutasaddilari taqdimotlar o‘tkazib, energetika sohasidagi islohotlar va Malayziya bilan hamkorlik loyihalari, ikki tomonlama savdo aloqalarining marketing jihatlari, O‘zbekiston investitsiya muhitining afzalliklari, mamlakatning iqtisodiy salohiyati va biznes aloqalarining huquqiy asoslari va boshqa yo‘nalishlar haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.
Shuningdek, forum nafaqat rasmiy taqdimotlar, balki O‘zbekiston va Malayziya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi yuzma-yuz muloqot (B2B) maydoniga aylandi hamda tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va takliflar, qator kelishuvlar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Biznes-forum doirasida Ikki tomonlama hujjat almashish tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston–Malayziya biznes forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yo‘lida muhim platformaga aylandi.


