Islom taraqqiyot banki prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazildi
2025-04-29 09:50:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Timur Ishmetov, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Umrzakov, vazir maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi. Islom taraqqiyot banki tomonidan esa operatsiyalar bo‘yicha vitse-prezident Rami Said qatnashdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Islom taraqqiyot banki o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlikni yuksak baholab, mavjud loyihalar hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi. Suhbat chog‘ida bank tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy va infratuzilma loyihalariga qo‘shilayotgan moliyaviy va texnik ko‘mak alohida e’tirof etildi.
Iqtisodiy salohiyatni oshirish maqsadida ITB bilan hamkorlikda energetika, agrobiznes, raqamli iqtisodiyot va logistika kabi sohalarda kadrlar tayyorlashga qaratilgan dasturlarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II faza) bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Shuningdek, “Reverse Linkage” dasturi doirasida Turkiya (budjetni rejalashtirish), Malayziya, Indoneziya, va Marokash (suv xo‘jaligi islohotlari) kabi mamlakatlar tajribasini o‘rganish va mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muhammad Al Jasser O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ITB ushbu islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni mustahkamlash, ustuvor yo‘nalishlarda yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish va uzoq muddatli sheriklikni yanada chuqurlashtirishga qat’iy intilishini bildirdi.
