Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
2025-04-01 12:00:00 / Yangiliklar

Unda bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao Araya hamda boshqa mas’ul shaxslar ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosarlari Ilhomjon Umrzakov va Umid Abidxadjayev, vazir maslahatchisi Jasur Karshibayev, shuningdek, Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi bosh ijrochi direktori Murodjon Farmanov hamda tegishli mas’ullar qatnashdi.
Uchrashuvda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi hamda bank o‘rtasida shartnoma imzolandi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi hamkorlikning amaldagi holati va yangi bosqichlarini muhokama qildi. Xususan, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasining qabul qilingani va bu boradagi qo‘shma tashabbuslar bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, OTB vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, energetika, transport, suv ta’minoti va shaharsozlik kabi yo‘nalishlardagi loyihalar portfelini kengaytirish rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Bundan tashqari, ayrim hududlarda shaharlar bosh rejalari ustida ishlash bo‘yicha texnik ko‘mak, ekologik transformatsiya va barqaror rivojlanishga oid yangi tashabbuslar, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan oqova suv va ta’lim muassasalari loyihalari muhokama qilindi.
Energiya samaradorligini oshirish maqsadida “super ESCO” tizimini joriy etish masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud hamkorlikni jadallashtirish, yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va texnik yordam doirasidagi aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldi.

