Malayziyaning “MIMOS Berhad” innovatsion markazi bilan hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi
2025-03-26 09:55:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun: MIMOS Berhad — Malayziyaning amaliy tadqiqot va rivojlantirish milliy markazi bo‘lib, Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi (MOSTI) tarkibiga kiradi. 1985-yilda tashkil etilgan ushbu davlat kompaniyasi Malayziyaning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishiga innovatsion texnologik platformalar, mahsulotlar va yechimlar orqali hissa qo‘shib kelmoqda.
Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari, axborot texnologiyalari, innovatsion yechimlar va raqamli rivojlanish yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi.
O‘z navbatida, “MIMOS Berhad” vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlarini yuqori baholab, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda o‘z tajribalarini ulashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda IT ekotizimini takomillashtirish, ma’lumotlarni qayta ishlash texnologiyalari bo‘yicha tajriba almashish yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldi.